Yosh kelin erini qarindoshi bilan til biriktirib o‘ldirdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi Toshkent shahridagi Kamolon mahallasida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyati yuzasidan bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 2019 yil 5 oktyabr kuni soat taxminan 04:30 larda Shayxontohur tumani, Kirkiy ko‘chasida joylashgan uyning yotoqxonasidan, shu xonadonda istiqomat qilib kelgan Abbos A.ning (1993 y.t., XATB “Universal bank” Toshkent filiali bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan) murdasi bo‘yin sohasidan dazmol shnuri bilan bug‘ilgan xolatda topilgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Abbos A.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan bug‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan 05.10.2019 yilda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, Kamola A. turmush o‘rtog‘i Abbos A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi Otabek X. bilan jinoiy til biriktirgan. Otabek X. 2019 yil 04 oktyabr kuni soat 19:00larda Abbos A.ning yashash uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkingan. Kamola A. bilan uning turmush o‘rtog‘i Abbos A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutib, 2019 yil 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:30larda yotoqxonaga kirib, Abbos A.ning uyg‘oq bo‘lganligi sababli uning ustiga chiqqan holda yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar bergan. So‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan.
Oqibatda Abbos A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtida Kamola A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuz qismini yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitgan va Abbos A.ni qasddan o‘ldirishgan.
Keyin Otabek X. xonadonda bo‘lgan marhum Abbos A.ga tegishli 2 ta uyali telefon apparatlari, 500 AQSh dollari va 110.000 so‘m pullarini hamda jinoyat izlarini yashirish maqsadida sherigi Kamola A.ga tegishli 1 dona uyali telefon apparati va tilla taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. Kamola A. esa jinoyati fosh etilishining oldini olish va javobgarlikdan qutulish maqsadida shu kecha unga va turmush o‘rtog‘iga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan bosqinchilik sodir etilganligini aytib, marhumning ota-onasini o‘yg‘otgan.
Tergov davomida Otabek X.ning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv davomida Abbos A.ning uyidan olib ketilgan tilla buyumlar yerto‘laga yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ish bo‘yicha 7 oktyabr kuni Otabek X. va Kamola A.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.