"Yoshlar festivali" bu yil nimasi bilan yoshlarga foydali bo‘ladi?
Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda asosan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan festivalning shu jihatlariga e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev boshqargan yig‘ilishda dastlab shu yilning 10-29 iyun kunlari viloyatimizda "Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostida o‘tkazilishi belgilangan yoshlar festivali doirasidagi tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, “Iyun – yoshlar oyligi” doirasida ushbu festivalni yuqori saviyada o‘tkazish, jumladan, sektorlar kesimida sport musobaqalari, muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlar bilan m uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, taniqli san’atkorlar ishtirokida gala-konsert dasturlari, kam ta’minlangan oila farzandlarining turistik markazlarga sayohatlari, yoshlar uchun mehnat yarmarkalari bo‘lib o‘tadi.
- Bu yilgi festival yoshlarga foyda berishi jihatidan avvalgilaridan farq qilishi kerak, - dedi H.To‘xtayev. – Avvalo, tadbirlarga shu paytgacha e’tibordan chetda qolgan yoshlarni ko‘proq taklif qilish zarur. Festival doirasida yoshlarning chet tillariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish va kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz” kabi targ‘ibot loyihalarini samarali tashkil etish lozim. Shuningdek, olis tumanlarning chekka qishloqlarida nomdor sportchi, siyosatchi, shoir va yozuvchilar bilan suhbatlar tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Yig‘ilishda yoshlar tomonidan zamonaviy musobaqa sanalgan kibersport, ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida “Mening qonunim – mening taqdirim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish taklifi bildirildi. Bu hamda boshqa barcha sport va madaniy tadbirlarni sifatli tashkil etish uchun mas’ullarga aniq vazifalar berildi.