Yoshlar media markazida IT va dasturlash va media sohasida mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan: imkoniyati cheklangan yoshlar bepul o‘qitiladi

O‘tgan yil mart oyida Samarqand shahridagi Yoshlar markazi binosida “Yoshlar media markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Dastlab markazga 30 ga yaqin havaskor yigit-qizlar publitsistika, montajyor va operatorlik sirlarini o‘rganish uchun jalb etilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 50 nafardan oshgan. Markazda media sohasiga qiziquvchi yoshlar bepul o‘qitilmoqda.

Bu haqda yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda batafsil ma’lumot berildi.

- Ushbu markaz o‘tgan yil Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida faoliyat boshladi, - deydi “Yoshlar media markazi” direktori Bo‘ronjon Po‘latov. – Yoshlarning media savodxonligini oshirish maqsadida “Milliy tv, “Mening yurtim” va “Samarqand” telekanallari jurnalist va operatorlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘ydik. Hozirda ular yoshlarga media sohasida amaliy mashg‘ulotlar o‘tmoqda. E’tiborlisi, telekanallarda “Yoshlar vaqti” ko‘rsatuvi tashkil etilgan bo‘lib, tinglovchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rsatuvlar berib borilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yil yanvar oyida Yoshlar markazi binosida robototexnika va IT to‘garagi ham faoliyat boshladi.

- To‘garakni tashkil qilishdan asosiy maqsad yoshlarga IT texnologiyalari va zamonaviy dasturlardan foydalanishni o‘rgatish, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i X.To‘xtayev. - Ahamiyatlisi, to‘garakka "Yoshlar daftari" va "Temir daftar"da ro‘yxatda turuvchi hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan yoshlar bepul o‘qitilmoqda. O‘qish muddati 3 oydan 6 oygacha. Kursni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga sertifikat beriladi. O‘qitishga malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Shuningdek, to‘garakda ko‘ngilli yoshlarning ham to‘lov asosida tahsil olishi uchun imkoniyat yaratilgan.