Yoshlar oyligi doirasida 81 nafar yigit-qizga yangi uylar topshiriladi
Bu haqda Samarqand shahridagi yoshlar markazi binosida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan festivallar oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Yildan-yilga nufuzi ortib borayotgan mazkur festivallarning bu yilgisi avvalgilaridan farq qiladi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev. - Festival dasturiga “Mutolaa”, “Ustoz” hamda “Ibrat farzandlari” kabi loyihalarning taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar kiritilgan. Shuningdek, Yoshlar oyligi doirasida 81 nafar yigit-qizga yangi uylar topshiriladi.
Ta’kidlanishicha, 26-iyun kuni respublikamizda ilk bor o‘tkazilayotgan “Butunjahon yoshlar festivali”ga Samarqand shahri mezbonlik qiladi. Unda 150 ta davlatdan yoshlar vakillari ishtirok etishi kutilyapti.
Shu yildan boshlab, festival doirasida “Biznes sayohat” tadbiri ham tashkil etiladigan bo‘ldi. Unda tadbirkorlikka qiziquvchi yigit-qizlar har bir tumanning eng faol yosh tadbirkori faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida uning xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarish korxonasiga sayohati uyushtiriladi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).