“Yoshlar - xalqimizning oltin fondi”

Bu Prezidentimizning gaplari. Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqotida ishtirok etish baxti menga ham nasib qildi.

Bu kun nafaqat men, balki butun O‘zbekiston yoshlari uchun tarixiy va esda qolarli kun bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bizga “Yoshlar xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi”,  deya  ishonch bildirdi.

Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, xotin-qizlar va  ishsiz yoshlar masalasiga alohida e’tibor berib, bir qator tashabbuslarni ilgari surdilar. Oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan baxtiyor talaba sifatida meni quvontirgani davlatimiz rahbarining oliy ta’limni bitirayotgan yoshlar bandligi uchun qayg‘urayotgani bo‘ldi.

"Kelajakka qadam" dasturining Milliy bank bilan hamkorlikda amalga oshirilishi esa talaba-yoshlarimiz uchun muhim yangilikdir. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun ham ta’lim eshiklari ochildi. "Yorqin iste’dod" loyihasi asosida endi ehtiyojmand oilalar farzandlari ham bemalol oliy ta’limni davom ettira olishadi. Tashkil etiladigan aniq mexanizmlar oddiy oila farzandini oliy ma’lumotli qila olishning yorqin ko‘rinishidir.

Ochiq muloqotda Prezidentimiz: “Bitta qizni o‘qitsak butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oilalar bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat ma’rifatli bo‘ladi”, deya alohida ta’kidladi.

Shuningdek, adabiyotsevarlarning sevimli nashri bo‘lgan "Yoshlik" jurnalining faoliyati kuchaytirilishi aytib o‘tildi va uchrashuvda so‘zga chiqib, kitobxon, yosh adabiyotshunos sifatida bu harakatni amalga oshirishda o‘z hissamni qo‘shishga ahd qilganimni aytdim.

Yangi O‘zbekistonning kelajak bunyodkorlari ekanmiz, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Muammodan muvaffaqiyatga tomon harakatlanishimiz kerak”ligini angladim.

Mahliyo O‘ROQOVA,

O‘zbekiston milliy universiteti talabasi, paxtachilik “Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibi.