“Yulduzlar urushi” AQSh xazinasiga 293 million dollar ziyon keltirdi
Gap shundaki, AQShda “Yulduzlar urushi” filmi namoyishidan so‘ng 2 milliondan ko‘proq odam ishga chiqmagan.
Rost-da, hayotingga urush tahdid solib turgan ekan, ishlashdan ma’no nima?.. Ekspertlarning fikricha, filmni tomosha qilganlarning mehnat unumdorligi keskin pasayib ketgan. Shunday qilib, film namoyishi xazinaga 293 million dollar ziyon keltirdi.
Chaqmoqli joy
Venesuelada shunday joy bor. U yerda har kuni chaqmoq chaqib turadi. Hodisa “Katatumbo chaqini” deb nom olgan.
Chaqin Katatumbo daryosining Marakaybo oroliga quyilish joyida sodir bo‘ladi. Bu joy dunyoda eng ko‘p chaqmoq chaqadigan joy hisoblanadi: yiliga bir kvadrat kilometrga 250 ta chaqin to‘g‘ri keladi. Chaqin avjiga chiqqanida bir daqiqada 28 martagacha chaqmoq chaqadi.
Firibgar reys
Noma’lum tomonga parvoz qilish, ayrim yo‘lovchilarga qiziq bo‘lsa kerak-da. Avstraliyaning “Qantas” aviayo‘lovchi tashish xizmati shunday noma’lum manzilni amalga joriy qildi.
Yo‘lovchilarga uch yo‘nalish tavsiya etiladi, ammo samolyot qayerga qo‘nishi aytilmaydi. Dasturga ko‘ra, “diqqatga sazovor joylar ustidan parvoz” qilinadi. Kresloda yastanib o‘tirgan yo‘lovchi oldidagi ekranda manzaralarni tomosha qiladi. Bunda reys “Sidney – Sidney” yoki “Melburn – Melburn” bo‘lishi mumkin. Bechora yo‘lovchi samolyot joyida gurillab turganini qayerdan bilsin.
Shunaqasi ham bo‘ladi
Dugonalar Kassandra Medison va Juleya Kinetti Konnektikut shtati Nyu-Xeyven shahrida restoranda ishlaganlarida tanishishgandi. Qizlar juda ko‘p narsalarga hamfikrliklarini darhol sezishdi.
Ikkovi ham Dominikan Respublikasida tug‘ilgan, AQShdagi oilalarda asrandi bo‘lib voyaga yetgan. Ko‘p yillar o‘tib Kassandra o‘zining otasini izlab topadi, o‘shanda ma’lum bo‘lishicha, Juleya uning singlisi bo‘lib chiqadi. Qarang, taqdir-da!
T.Shomurodov tayyorladi.