Yuridik soha hodimlari malakasini oshirish takomillashtirilmoqda

Mamlakatimizda barcha sohalar kabi ta’lim tizimini isloh qilish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi mehnat bozori talablari asosida kadrlarni yetarli bilimlar bilan qurollantirib borishga xizmat qiladi.
Lekin mamlakatimizning amaldagi malaka oshirish tizimida mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, xodimning ehtiyoji va buyurtmachilarning talablarini to‘liq inobatga olishning huquqiy mexanizmlari mavjud emas edi. Malaka oshirish tizimida mavjud ushbu huquqiy bo‘shliq iste’molchilar talablarini yetarli darajada qondirilmasdan qolishiga sabab bo‘lardi.
Shu bois ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2024 yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasi”da yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Zamonaviy ta’lim tizimi nazariya va amaliyotning doimiy korporativ hamkorligini talab etadi. Bozor iqtisodiyoti kadrlar iste’molchisini kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish masalalarida asosiy muvofiqlashtiruvchi bo‘lishini talab etiladi. Aks holda tayyorlangan kadr tomonidan bajarilayotgan ish sifati samarali bo‘lmaydi. Shu sababli kadrlar buyurtmachisi hisoblanadigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining yuristlar malakasini oshirish markazida o‘quv dasturlari joriy etilishiga jalb etishni ta’minlash vazifasi farmonda qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “Yuridik sohaga oid bilim talab etadigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 544-sonli qarori Adliya vazirligi qoshidagi yuristlar malakasi oshirish markaziga kadrlar malakasini oshirishning muqobil variatlarini joriy etish vazifalarini yuklaydi. Hukumat qarori va qaror bilan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar yuqorida qayd etilgan kadrlar malakasini oshirish tizimida mavjud huquqiy bo‘shliqni mehnat bozori talablari asosida to‘ldirmoqda.
Ma’lumki hozirda yuridik soha xodimlari malakasi an’anaviy va masofaviy shakllarda amalga oshirilmoqda. Hukumat qarori bilan belgilangan vazifaga muvofiq markaz tomonidan malaka oshirishning an’anaviy va masofaviy shakllar bilan birga kredit-modul tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.
O‘quv jarayonlarini kredit-modul tizimi asosida tashkil etishda tinglovchining mustaqil ravishda belgilangan o‘quv dasturini o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratiladi. Xodimning malakasini oshirish uchun markaz tomonidan belgilanadigan tyuter amaliy yordam beradi va tinglovchi tomonidan o‘quv dasturi bajarilishini nazorat qilib boradi.
Yuridik soha uchun joriy etilayotgan malaka oshirishning yangi tizimida xodimlar va ularning buyurtmachilari malaka oshirish tartibini mustaqil tanlashi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Markaz tingshlovchi va buyurtmachining talabiga ko‘ra xodimni malakasini oshirishni belgilangan tartibda tasdiqlangan dastur hamda shartnoma talablari asosida ta’minlab beradi. Tinglovchi belgilangan muddatlarda o‘quv kursi materiallarini tyuter yordamida malaka oshirishning tanlangan shakli bo‘yicha o‘zlashtiradi.
Malaka oshirishni xodim va buyurtmachi talabiga ko‘ra tashkil etishning afzalliklari quyidagilar hisoblanadi:
o‘z xizmat vazifasini bajarish bilan birga xodim ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
xodim o‘z xizmat vazifasini uzluksiz bajarishi mumkin bo‘ladi;
malaka oshirishning xodim va korxona faoliyati samaradorligiga salbiy ta’siri oldi olinadi;
xodim va burtmachi mablag‘i tejaladi;
bevosita muloqotning cheklanishi hisobiga korrupsiya holatlari kelib chiqishiga barham beriladi;
Yuridik soha xodimlari malakasi oshirish yangi tartiblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 5843-sonli Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ham ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, yuridik soha xodimlari malakasi oshirishning yangi tizimi ta’lim sifatini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelishi, rasmiyatchilik va byurokratiyaga imkon beruvchi sharoitlariga barham berishni ham ta’minlaydi.
Yuristlar malakasini oshirish markazi
kafedra mudiri, i.f.d, prof. B.Isroilov.