Zamona allomasi akademik Vohid Abdullani yo‘qlab

Vohid Abdullaning qo‘lida tahsil olganman. Shuning uchun ham bu insonning salohiyati, zakovati, bag‘rikengligi oldida doimo ta’zim qilaman.

Domlaning saboqlariga (agar eshitib qolishsa) boshqa viloyatlardan ham mushtariylar kelganini va boshqa viloyatdagi o‘quv yurtida ma’ruza o‘qiganida o‘sha hududda adabiyot bayram bo‘lganligiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Faqat biz bugunga kelibgina Vohid Abdullaning Samarqand adabiy muhitida shakllangan alloma sifatida e’tirof etyapmiz.

Aslida o‘z davrida ham Vohid aka adabiyotshunoslikdagi, xususan, mumtoz adabiyot tarixi borasidagi tadqiqotlari, xulosalari, qarashlari bilan nafaqat O‘zbekiston, balki turkiy adabiyot olamida ham o‘z o‘rniga ega edi. Ayniqsa, arab imlosini, tilini mukammal bilishi bu insonga tariximizga oid noyob asarlar tahliliga imkon yaratdi. Shu sababli, “o‘zbek adabiyoti tarixi” darsligining yaratuvchilaridan birigina emas, balki uning yalovbardori bo‘lib shakllandi.

Domla dars o‘tganda hayrat ichida qolardik. Qo‘hna adabiyotni, qo‘hna g‘azaliyotni qalbimizga shu qadarlik muloyim joylar ediki, agar har darsga o‘ntadan g‘azalni yod olmasdan kelsak, o‘zimizni aybdor hisoblardik. Ustoz xorijda bo‘lgan ilmiy anjumanlardan qaytgach, taassurotlarini albatta biz bilan baham ko‘rardi. Bugun ijod sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan adabiyotshunoslarning aksariyati o‘zini Vohid Abdullaning shogirdi deb hisoblashi bejiz emas. Olimning asarlari hozirgi kunda ham shu soha mutaxassislari uchun asosiy dasturamaldir.

Vohid aka ma’rifatli oilaning farzandi bo‘lgan. Faqat intilishi, ishtiyoqi, iqtidori tufayli o‘z davrida ma’rifatchilar sulolasini ham shakllantirgan inson. O‘sha davr ziyolilari Vohid akani shoir G‘ofur G‘ulomga o‘xshatishardi: qaysi davraga bormasin, o‘sha yerda jo‘shqinlik, farosat va zakovat paydo bo‘ladi. Ustoz har bitta inson bilan samimiy muloqotga kirishishdan erinmasdi. Xushfe’lli, ma’rifatli odamlarga kitoblar hadya qilar, yoki cho‘ntagidan konfet chiqarib berib “Barakalla, tulpor!” deb qo‘yardi.

Bugun domlaning amalu mansablarini sanab o‘tirmaymiz. Uni ko‘pchilik biladi. Faqat shuni ta’kidlash lozimki, SamDUga rektor bo‘lgan chog‘ida dorilfunun nufuzini ko‘tarish, Samarqand sha’nini ulug‘lash, o‘z atrofidagi ziyolilar qadrini joyga qo‘yishda hammaga ibrat bo‘la oldi. Chunki halol, xokisor, xalqqa fidoyi, ilmga sadoqatli insonlar ana shunday bo‘ladi.

Vohid Abdulla 1985 yil 29 iyulda vafot etgan edi. Ammo hozirda ham qaysi ma’rifiy davraga bormang, albatta bu ulug‘ insonning nomi hurmat bilan eslanadi. Kutubxonalardagi minglab tadqiqotlari, xulosalari, darsliklari bugungi kunda ham adabiyot ilmi xodimlarining assosiy qo‘llanmasi bo‘lib xizmat qilayotir.

Farmon TOShEV.