Zamonaviy qurilmalar aloqa sifatini yaxshilaydi
Samarqand xalqaro turizm markazi mehmonlar-u sayyohlar ko‘p keladigan maskaniga aylanib boryapti.
Zamonaviy markazda joylashgan Kongress-Xoll, 8 ta yirik mehmonxona, shuningdek, “Boqiy shahar” va boshqa maskanlarni yuqori sifatli telefon aloqasi va internet tarmog‘i bilan ta’minlash maqsadida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi Samarqand viloyati hududiy shu’basi tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda ham mazkur hududda yuqori mobil aloqani tashkil etish, baza stansiyalarini qurish va sifatli aloqani ta’minlovchi antennalarini ishga tushirish borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Bugun viloyatimizning shahar va tumanlarida o‘rnatilgan "O‘zbektelekom"ning “Uzmobile”, “Ucell”, “Beelinye”, “Perfektum”, “UMC” kabi aloqa kompaniyalarining 1700 ta antennasida 7 mingga yaqin aloqa baza stansiyalari faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida yana 80 ta xuddi shunday stansiyalar o‘rnatilib, aloqa sifati yaxshilangach, viloyatimizda mobil aloqadan faol foydalanuvchilar soni 1,8 million nafarga yetdi.
- “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi dasturiga asosan aholi punktlarining internetga ulanish darajasini oshirish, shu jumladan, buning hisobiga keng polosali ulanish portlarini ko‘paytirish, optik tolali aloqa liniyalarini o‘tkazish va uyali aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida turizm markazida 5G raqamli aloqa doirasini kengaytirish ustida ish olib boryapmiz, - deydi viloyat hududiy shu’basi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. – Hozirda mehmonxonalarga “Adas” tizimlari o‘rnatilgan bo‘lib, foydalanuvchilarga yuqori sifatli mobil aloqa hamda qulay internet taqdim etilmoqda. Shuningdek, shu yerdan turib dunyoning istalgan mamlakatiga 5G tarmog‘idan foydalangan holda telefon orqali gaplashish mumkin.
Markazda har birining balandligi 35 metrdan bo‘lgan 4 ta antenna machtasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning har birida mavjud aloqa kompaniyalarining baza stansiyalari joylashgan.
Jurnalistlar markazdagi mehmonxonalarda bo‘lib, zamonaviy qurilmalarning o‘rnatilishi va aloqa sifati bilan ham tanishdilar.
- So‘nggi yillarda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning soni oshib bormoqda, - deydi “Uzmobile” kompaniyasi mutaxassisi Nurbek Omonov. – Ularning devorlari qalin bo‘lib an’anaviy usullardan foydalangan holda uyali aloqa bilan qoplanishi muammo bo‘lmoqda. Zamonaviy “Adas” qurilmalari esa binolar ichiga o‘rnatiladi, inshootning devori qanchalik qalin bo‘lmasin, aloqa bog‘lash mumkin. Bir vaqtning o‘zida ming nafardan ziyod abonent foydalanishi mumkin.
Dilmurod TO‘XTAYeV.