@Zarafshonbot’ga murojaat: Bog‘cha xodimasining ma’lumotlari soliq bazasida chiqmayapti
"Past Darg‘om tumani Qozoqnayman mahallasida yashayman. Turmush o‘rtog‘im 2022 yildan buyon mahallamizdagi 107-oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi bo‘lib ishlab keladi.
2023 yil kredit olmoqchi bo‘lib "Ipoteka banki" tuman bo‘limiga borganimizda bazada uning ish haqi ma’lumotlari chiqmadi. To‘lagan soliqlari ham ko‘rinmadi. Bir yil davomidagi ish haqi ma’lumotlari chiqmagani yuzasidan tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limiga, tuman soliq, moliya bo‘limlariga, ularning viloyat tashkilotlariga ham murojaat qildim. Ammo masalaga oydinlik kiritilmadi.
Men bilishni istayman: bu muassasa tomonidan soliqdan qochish maqsadida atay qilinganmi yoki texnik xatomi? Texnik xato bo‘lsa, shuncha tashkilot nima sababdan haligacha yechim topib berolmayapti?
Shu ish ortidan yugurib, eshitganim shu bo‘ldiki, tuman bo‘yicha turmush o‘rtog‘imga o‘xshab, ishlab turib soliq bazasida bo‘lmaganlar oz emas. Ularning soni yuzlab bo‘lishi ham mumkin. Tegishli tashkilotlar bu bilan ham shug‘ullanib ko‘rishlari kerak. Hamma korxonalar ham shu tarzda soliqdan qochaversa, ishlayotgan odamning o‘zi ham bu haqda bilmasa, ertaga yana ko‘plab muammolarni keltirib chiqaraveradi.
Sherzod Narziqulov, Past Darg‘om tumani.