Zardob sog‘liq va go‘zallik uchun qanchalik foydali va ayollar nega uni yaxshi ko‘rishadi?
Mutaxassislar tadqiqodlarga asoslanib, zardob 2-bosqichdagi qandli diabetni davolashda yangicha yondashuv bo‘lishi mumkinligini aytishadi.
Har kuni nonushtadan avval zardob iste’mol qilish insulin ishlab chiqarishni yaxshilab, 2-toifa diabet bilan og‘rigan bemorlarda ovqatdan keyin glyukoza darajasining keskin ko‘tarilish ehtimolini kamaytirar ekan. Zardob glyukagon kabi peptid-1 (GLP-1) ishlab chiqarishni oshirishi evaziga qon glyukozasi keskin ko‘tarilishining oldini oladi, deyishmoqda mutaxassislar.
Zardobning ushbu xususiyatini zamonaviy diabetga qarshi dorilarga taqqoslash mumkin.
Shuningdek, zardob oshqozon osti bezi ishini me’yorlashtirib, organizmni ortiqcha suyuqlik va toksinlardan xalos etadi. Oshqozon, ichak va shilliq qavatlarda yallig‘lanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Shu bilan birga zardobda probiotiklar, oqsillar, foydali minerallar, V, C, Ye, PP guruh vitaminlari mavjud bo‘lib, u asab tizimiga ham foydali ta’sir ko‘rsatadi.
Har bir ayol o‘z yoshligi va jozibali tashqi ko‘rinishini uzoq yillar davomida saqlab qolishni istaydi. Sog‘lom yuz terisi, jiloli soch va tirnoqlar, shuningdek, go‘zal va nafis qomatga ega bo‘lish istagi yosh va chegara tanlamaydi. Tadbirli xonimlar esa bunday to‘siqlardan qo‘rqmaydilar, ular jozibali ko‘rinish uchun astoydil harakat qiladilar.
Zardob ortiqcha vazn muammolarida ham beminnat yordamchi. U ortiqcha vazn uchun profilaktika sifatida ishlatiladi. Tanada tozalovchi vazifasini o‘taydi, xavfli xolesteringa qarshi kurashish xususiyati bilan chiroyli qomatga xizmat qiladi.
Zardob tanadan ortiqcha suyuqlikni chiqarishga yordam beradi. Tanadagi shishlarda, ayniqsa oyoqlar shishganda asqotadi. Shu sababdan ham ko‘pincha homilador ayollarga zardob ichish tavsiya etiladi.
Sog‘lom sochlar va tiniq yuzlar uchun go‘zallik vositasi
Zardob sochlar va bosh terisini ortiqcha yog‘lardan tozalaydi, shuningdek soch to‘kilishining oldini oladi. U soch follikulalarining asosiy tarkibi bo‘lgan oqsilga boy. Tarkibidagi vitaminlar guruhi sochlarga kuch, elastiklik va tabiiy jilo beradi.
Zardob sepkillarga qarshi kurashda ham ajoyib vosita hisoblanadi. Buning uchun tvorog va zardobdan tayyorlangan niqob tavsiya etiladi.
Zardobda oqsillar mavjud, ular hujayralarda yangilanish va o‘sish jarayonlarini tartibga soladi. Zardobni go‘zallik va salomatlik eliksiri, deyishlari shundan. U qarish jarayonini sekinlashtiradi, antioksidant faollikni oshirish va tiklovchilik xususiyatlariga ega.
Zardob oshqozon-ichak faoliyati, jigar va buyraklar, ovqatdan zaharlanish, yurak-qon tomir tizimi va miya tomirlari, nafas olish yo‘llari, teri kasalliklarini davolash uchun tavsiya etiladi.
Zardobli muolajalarni oilaviy shifokoringiz bilan maslahatlashgan holda qabul qiling.