Qarnablik qahramonni taniysizmi?

Qishlog‘imizdan uch nafar Sotsialistik Mehnat Qahramoni chiqqanini bilardim. Ammo urush qahramoniga teng ordenlar egasi borligidan bexabar edim. Navoiyda yashovchi hamqishlog‘im Shahlo Narziyeva yuborgan ixcham ma’lumotni o‘rganish jarayonida qahramonimizning qizi Sayyora, nevarasi Otabek bilan suhbatlashdim.
Barno Sulaymonov 1917 yilda Paxtachidagi Qarnab qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. U 22 yoshida harbiy xizmatga qabul qilinib, ozroq tayyorgarlikdan so‘ng Sovet-Fin urushida jangga kirdi va butun umrini harbiy xizmatga bag‘ishladi. 1960 yilgacha Vatandan tashqarida xizmat qildi. Shu sababli qishloqdoshlari bu fidoyi inson haqida ko‘p bilishmaydi. Nafaqaga chiqib, yurtiga qaytgandan so‘ng ham Barno aka kamtarona umr kechirdi, xizmatlarini minnat qilishdan tiyildi.
U ikkinchi jahon urushining ilk kunlaridanoq frontga jalb etildi. Janubiy-G‘arbiy, Shimoliy-G‘arbiy va Ukraina frontlarida jang qildi. Minomyotchilar rotasi, keyinchalik artilleriya bataloniga bosh bo‘ldi. Dnestr, Smolensk, Stalingrad uchun, Vena, Budapesht va Praga shaharlarini ozod etishda qatnashdi, jasorat ko‘rsatdi.
Keyin sovet-yapon urushini yakunlashga jalb etildi va unda 1945 yil 2 sentyabr, ya’ni Kvantun armiyasi mag‘lubiyatga qadar ishtirok etdi.
Barno aka janglar davomida bir necha bor yaralandi, bir marta gospitalda davolanib, yana safga qaytdi. Uch marta Qizil Yulduz, bir marta Qizil Bayroq ordeni, Praga, Budapesht va Venani ozod qilishda jangovar medallar bilan taqdirlangan.
Unga Qizli Bayroq ordeni berishga yozilgan tavsiyanomada quyidagilar yozilgan: “Qo‘l avtomatidan dushman pulemyotidan o‘q yog‘ilib turishiga qaramasdan, batareya tarkibini 200 metr naridagi dushman tayanch manziliga boshlab bordi va yovga qarshi o‘t ochdi, jonini tahlikaga qo‘yib, dushman manziliga 50 metr qolguncha emaklab bordi, fashistlarning joylashishi va gavjum joylarini aniqladi. 15 nafar nemis askarini asir oldi. Boshi va qo‘lidan yaralangan bo‘lsa-da, gospitalda yotishni rad etib, jang maydonida qoldi. 1944 yil avgust”. Bu voqea Litvada, Kaunasga yaqin yerda sodir bo‘lgan edi.
B.Sulaymonov bilimdon va tashkilotchi, tajribali zobit edi. Shu sababli urushdan keyin ham xizmatni Oderdagi Frankfurt va Potsdamdagi okkupatsion manzilda xizmatni davom ettirdi. 1960 yilda podpolkovnik unvoni bilan ona Vataniga, Samarqandga qaytdi. Ko‘p yil Samarqand oziq-ovqat texnikumida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishladi.
Sobiq jangchi 2001 yilda 84 yoshida vafot etdi va Samarqandda dafn etilgan.
Nusxa xola Qarnabning oddiy ayollaridan edi. Ikki o‘g‘il, ikki qiz tuqqan. Lekin qizlari yoshiga ham yetmay nobud bo‘lishdi. Buning ustiga Sulaymon aka erta olamdan o‘tgach, ikki o‘g‘ilning yuki zimmasiga tushdi. Barno bilan Amin baxtiga oilaparvar chiqishdi, onasiga yordam berib, o‘zlarini uddalashni o‘rganishdi. Faqat...
Ikki o‘g‘il birin-ketin maktabni bitirib avval o‘qishga, so‘ng armiyaga ketgach, hayhotdek hovlida onaning yolg‘iz o‘zi qoldi. Hayriyat, yaxshi odamlar ko‘p ekan, jiyanlari, og‘aynilari, qo‘shnilari o‘z davrasiga olishdi.
Urush boshlanganda onaning qalbiga tushgan g‘ulg‘ula katta o‘g‘li Barno 1949 yilda “urush tugadi, ona, men sog‘-salomatman”, degan maktub yuborgandan so‘ng sal taskin topdi. Ko‘p o‘tmay, kenjasi Amin urushdan qaytdi va uzoq yillar milliy xavfsizslik xizmatida ishladi. Yoshi ulug‘lar Amin akaning nihoyatda adolatparvar, odamoxun ekanini faxr bilan gapirishadi.
Barno Sulaymonov Samarqand pedagogika texnikumida o‘qiganda samarqandlik Fotima ismli qiz bilan tanishib, ko‘ngil qo‘yadi va ular keyinchalik turmush qurishadi. Ulardan ikki nafar farzand bor. Bahodir viloyatdagi tajribali avtomobil muhandislaridan edi. 70 yoshida olamdan o‘tdi. Sayyora opa esa ota-onasining chirog‘ini yoqib o‘tiribdi.
Taklif shunday: menimcha bu ikki aka-uka, ayniqsa, Barno Sulaymonov faoliyati, jamiyatga mard ikki o‘g‘lon yetishtirib bergan ona hayoti to‘g‘risida izlanish olib borilishi va kitob chop etilishi zarur. Bundan tashqari, Qarnab qishlog‘idagi o‘rta maktab ma’naviyat xonasida, tuman xalq muzeyida, maktabida jangchining byusti o‘rnatilib, alohida burchak tashkil etish kerak. Paxtachi ziyolilari bunga nima der ekan?
Farmon TOShEV.