Bankomatlar ham aldashi mumkinmi?

Yaqinda  internetda ko‘zim tushdi – bankomatlar  naqd  pullardan  urib qolayotganmish! Shunaqasi ham bo‘larkanmi, ular avtomatlashtirilgan mashina-ku, odam bo‘lsa ekan, nima qilib bo‘lsa-da  yo‘lini topsa, deb hayron bo‘ldim!  Negaki, maosh qo‘lga tekkach, uning ma’lum qismini albatta naqdlashtirib olishga harakat qilamiz. O‘zimiz vaqt topmasak, biror tanishimiz yo hamkasbimizdan iltimos qilamiz, yo‘l-yo‘lakay plastik kartangizdan pul yechib kelib beradi. 

Bu xabarni darhol hamma tanish-bilishlarga yo‘lladim. Yaqinlarimning peshona terisiga kuyib qolishlarini istamadim-da! Ma’lumotlarda bankomatlardan pul yechgach, uni albatta sanab olishni tavsiya qilishgandi. Asosan, kattaroq summalardan pullar kam chiqayotganmish. Yerdan topib olsang ham sanab ol, deyishadi-ku! Ogoh bo‘lgan yaxshida!

“Tinib-tinchimagan odamlar-yey, nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya!” Ko‘ngilga har xil gap-so‘zlar keladi, desangiz! Avtomat buzuq  bo‘lsa, umuman pul chiqarmasligi kerak. U kompyuterlashtirilgan bo‘lsa... Nega urib qoladi? Unda odamlarning avtomat–mashinalarga ham ishonchi qolmaydi-ku, buyog‘i qanday bo‘larkin?

Do‘konlarda plastik kartadan ba’zan bitta nolni ko‘p yozib, 10 ming so‘m o‘rniga 100 ming, 5 ming o‘rniga 50 ming adashib urib yuborishadi-ku, bu ham shunday holatdir... Odamlar o‘zlari xato qilishayotgandir, deb o‘ylab qoldim! Bunday emas ekan!

Mutaxassislar buning sababini topishibdi. Ma’lum bo‘lishicha, bankomatning  kupyuralar solinadigan  kassetalari  o‘rni  almashib qolganmish.  QARANG-A! Muhimi, uni kimdir almashtirib qo‘yganmi, o‘zi ham almashib qolishi  mumkinmi – bu haqda ma’lumot yo‘q!

Shahrimizning qayerida bankomat qo‘yilgan bo‘lsa, hamisha odamlar bilan gavjum bo‘lishiga e’tibor bergandirsiz! Demak, u yerga tez–tez ishimiz tushadi. Hozir ham o‘sha yoqqa bormoqchiman. Naqd pul zarur. Bolalarim oromgohga  ketyapti. Pullarni esa, albatta bittalab sanab olaman!

Gulchehra Berdiyorova.