Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1 martdan texnik pasport va guvohnomalar ham yangisiga almashtiriladi

Joriy yil 1 martdan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari uchun texnik pasport va traktorchi-mashinist guvohnomalari yangi namunadagisiga almashtiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.

MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib amaliyotga kiritilayotgan bu jarayon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Shu bois “O‘zagroinspeksiya” tomonidan joylarda o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlari boshqarmalarining inspektorlari ishtirokida Samarqandda o‘tkazilgan seminarda "O‘zagroinspeksiya" bo‘lim boshlig‘i A.Ergashev "Yagona elektron baza"ni shakllantirish, zamonaviy plastik shakldagi hujjatlar (texnik pasport, texnik guvohnoma va traktorchi-mashinist guvohnomasi) tayyorlanishi va taqdim etilishiga to‘xtaldi. Yangi namunadagi texnik pasport va texnik guvohnoma O‘zbekistonda ilk marotaba hayotga tatbiq etilmoqda hamda yangi namunadagi, plastik shaklda bo‘lgan guvohnomalar xalqaro standartlarga to‘la javob beradi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilishi texnika vositalarini ro‘yxatga olish, ularning oldi-sotdisi bilan bog‘liq huquqiy harakatlarni onlayn tarzda muvofiqlashtirish imkoniyatini yaratib, texnika vositalarining elektron ro‘yxatini shakllantirishda keng imkoniyatlarga ega. Ilgari bu jarayon juda murakkab bo‘lib, texnika vositalarini ro‘yxatga olish, texnik pasport va texnik guvohnoma berilishi uchun 2-3 kun vaqt sarflangan. Endilikda onlayn rejimdagi faoliyat yo‘lga qo‘yilgach, elektron hujjatlar yuritilishiga 10 daqiqa vaqt sarflanadi.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.