Bulung‘urda 105 yoshli fuqaroga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berildi

Bulung‘ur tumani adliya bo‘limiga tumanning Esonturdi MFY Guliston qishlog‘ida yashovchi Orzigul Abdiyeva ariza bilan murojaat qilgan

Murojaatda keltirilishicha, 1915 yil tug‘ilgan qaynonasi, Ulmanoy Tangirova hozirgi kunga qadar FHDYo idorasidan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ololmaganligi sababli turli to‘siqlar yuzaga kelayotganligini bildirib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Ariza Bulung‘ur tumani adliya bo‘limi mutasaddilari tomonidan  o‘rganib chiqildi va fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga “tug‘ilganlik faktini belgilash to‘g‘risida” ariza kiritildi.

Sud majlisida ariza qanoatlantirilib, Ulmanoy Tangirovaning tug‘ilganlik fakti belgilandi va 1915 yilda tug‘ilgan, ayni kunda 105 yoshni qarshilayotgan fuqaroga tuman FHDYo bo‘limi tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma berildi.

Tegishli hujjatlar tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga yuborilgan. Yaqin kunlarda momoga biometrik pasport ham beriladi.

G‘ayrat YaKUBOV,tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.