Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

24 yoshli qiz oila qurish maqsadida o‘g‘irlandi

Nikohga kirish uchun majburan o‘g‘irlangan ayol IIBga murojaat qildi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Aniqlanishicha, 2020 yilning 13 oktyabr kuni soat 20:00 da, 30 yoshli D.Ye., tanishlari 29 yoshli R.J. va 30 yoshli P.B.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 24 yoshli G.S. (ayol)ni, uning erkiga xilof ravishda Qonliko‘l tumani Madaniyat mahallasi Sari-oltin ko‘chasi chorrahasida G.S. (ayol)ning uyiga qaytayotganligidan foydalanib, uning orqasidan borib unga kuch ishlatgan holda, majburan D.Ye.ning nomida bo‘lgan, P.B. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli avtomashinasiga mindirib, uni Qonliko‘l tumani Bo‘ston OFYda joylashgan uyiga olib borib, G.S.ni D.Ye. bilan nikohda bo‘lish uchun o‘g‘irlashgan.

Holat yuzasidan G.S. tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan.

Hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi xodimlari chiqib ko‘zdan kechirish va boshqa tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazgan. D.Ye.ning nomida bo‘lgan “Nexia-2” rusumli avtomashina daliliy ashyo tariqasida olinib, tegishli tartibda muhrlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qonliko‘l tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 136-moddasi 1-qismi (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib bormoqda.