Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

90 detsibelgacha yetadigan shovqinda ko‘rish qobiliyati 25 foizgacha kamayadi

Subhidam. Osoyishtalik. Barglarning mayin shivirlashi, suvning shildirab oqishi eshitiladi. Ahyon-ahyonda qushlarning «chug‘ur-chug‘uri» quloqqa chalinadi. Mana shunday mayin tovushlar tabiiy bo‘lib, odamga suv va havo kabi zarurdir.

Yaponiyada atrof-muhitni qamrab olgan shovqin-suron to‘lqini haqida ko‘p gapirishadi. Mutaxassislar bu – jahondagi hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalalardan biri deb hisoblaydi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaponiyaliklar muntazam ravishda 65 detsibel kuchga ega bo‘lgan shovqin-suron ta’sirida yashamoqdalar. Belgilangan normaga ko‘ra 40 detsibeldan oshmasligi kerak.

- Asab kasalligi, qon bosimining oshib ketishi, sezgi qobiliyatini yo‘qotish kabi keng tarqalayotgan kasalliklar muntazam shovqin-suron to‘lqini oqibatidir, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar poliklinikasi bosh vrachi Sunnatillo Usmonov.

…Yaqinda Amerikada chiqadigan gazetalardan birida qiziq xabar e’lon qilindi. Filadelfiyada yashovchi Droroteya Laruso yuz yoshga to‘lgan kunini juda bardam, sog‘lom va xushchaqchaq kayfiyatda kutib oldi. Jurnalistlar undan uzoq umr ko‘rish sirini so‘raganlarida «Yigirma besh yoshimdan buyon karligim ya’ni, eshitishdan mahrumligim bois men shahar shovqinini mutlaqo eshitganim yo‘q. Shuning uchun uzoq umr ko‘rdim», deb javob berdi.

Tungi sukunatda narsalar shovqini uzoq-uzoqlargacha yetib boradi. Samolyotning g‘uvillashi 40 kilometrgacha, tramvay va poyezdning tovushi 4-5 kilometrgacha, avtomashinalar harakati 2 kilometrgacha, ot tuyog‘ining taqillashi esa 500 metrgacha yetib boradi.

Kunduzi, asosan, sun’iy shovqinlar hukmronlik qiladi. Tovushlar minglab transport vositalari harakati natijasida paydo bo‘ladi. Bu sun’iy tovushlar ma’lum darajagacha inson salomatligiga zarar yetkazmaydi. Sekin tovush - 40, o‘rta tovush - 50 detsibelga barobardir. Shu kuchga ega bo‘lgan shovqinlar, masalan yuqorida aytib o‘tilgan tovushlar, musiqa va ashula inson qulog‘iga yoqadi. Bordi-yu, tovushlar kuchi va ularning yig‘indisi 60-80 detsibeldan oshib ketsa, odam bezovtalanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, shovqin gullar o‘sishini 47 foizga kamaytiradi. O‘simliklardan biri poyezd yo‘li yaqinida 100 detsibel kuchdagi shovqin «o‘qiga» tutiladi. U o‘n kun o‘tgandan so‘ng qurib qoladi. Kuchi 90 detsibelgacha yetadigan shovqin vaqtida kishining ko‘rish qobiliyati 25 foizgacha kamayadi. Ochilib turgan nihol asta-sekin so‘nadi. 130 detsibellik shovqin kishini muqarrar kasal qiladi.

Abduaziz HOShIMOV.