Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Achchiq qalampirni kim, qayerga sotyapti?

Eksport salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xorijiy bozorlarga chiqarish bugunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan hududlarda sanoat, meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar eksportini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar topshirilgandi.

Ushbu topshiriqqa asosan viloyat hokimligi qoshida eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi va hududlarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha monitoring shtabi tuzildi. Shtab mutaxassislari joylarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarining to‘liq yig‘ishtirib olinganligi, saqlanishi va eksport­ga yo‘naltirilganligi bo‘yicha tahlil o‘tkazdi. O‘rganish davomida aniqlanishicha, 7 tumandagi 1184 gektar maydonda achchiq qalampir ekilib, undan 8 304 tonna hosil olish rejalashtirilgan. Ammo so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 1117 tonna mahsulot yetishtirilgan. To‘g‘ri, o‘tgan yil suv taqchilligi tufayli ayrim joylarda achchiq qalampir yetishtirish qiyin kechdi. Boz ustiga mahsulot realizatsiyasidagi mashaqqat dehqonga yana bir zarba bo‘ldi.

Yetishtirilgan achchiq qalampirni 37,2 tonnasini viloyatimizdagi uchta mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan eksportga chiqarilgan bo‘lsa, 128,2 tonna mahsulot Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Farg‘ona hamda Xorazm viloyatlarida ro‘yxatga olingan yakka tartibdagi tadbirkor va mas’uliyati cheklangan jamiyatlari xorijga sotdi.

Yetishtirilgan achchiq qalampirni import qilgan davlatlar esa quyidagilar: Qozog‘iston (685,4 tonna), Gruziya (81 tonna), Ozarbayjon (41 tonna), Ukraina (32,5 tonna), Turkiya (20,5 tonna), BAA (3 tonna), Makedoniya (2,5 tonna) hamda Germaniya (0,3 tonna).

Monitoring shtabi tomonidan eksport geografiyasini kengaytirish, jumladan, Xitoy, Indoneziya, Tayvan, Bangladesh davlatlarida achchiq qalampirga ehtiyoj ko‘pligini hisobga olib, eksport hajmini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun hosilni quritish, maydalash va eksportbop mahsulot tayyorlash, omborxonalarda saqlash yuzasidan tumanlardagi eksportga amaliy yordam ko‘rsatish shtablarning doimiy nazoratiga olingan. Tashqi savdo vazirligining viloyatdagi vakili esa mahsulotga xaridor topish, tadbirkorga maqbul narxda sotish yuzasidan shartnomalar tuzish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Bundan maqsad – achchiq qalampir yetishtirib, hafsalasi pir bo‘lgan dehqonga tomoshabin bo‘lish emas, unga ko‘mak berish, rag‘batlantirish.

Shavkat SALIXOV, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, bojxona xizmati podpolkovnigi.