Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ajdodlarimiz qoldirgan meros Yevropa va Sharqda o‘quv darsliklari sifatida foydalaniladi

Sharq allomalari va mutafakkirlarining asarlari insoniyat sivilizatsiyasida hamisha o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Ayniqsa, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar va muhaddislar yaratgan buyuk meros asrlar o‘tsa-da, o‘z dolzarbligi va qimmatini yo‘qotmaydi.

Samarqandning buyuk farzandi, muhaddis olim, islom olamida Imom Abu Mansur Moturidiy ana shunday allomalardan biri hisoblanadi.

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida “Imom Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosi haftaligi” doirasida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy halqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda ulug‘ allomaning tarixiy falsafiy merosi, u qoldirgan ta’limotning bugungi kunimiz uchun ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Halqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining bosh maslahatchisi B.To‘rayev, markaz katta ilmiy xodimlari U.Muhammadiyev, T.Evadullayevlarning ta’kidlashicha, Moturidiya ta’limoti va bu ta’limotning islom ilm-fanida tutgan o‘rni, shuningdek, diniy va dunyoviy taraqqiyotga qo‘shgan hissasi haqidagi fikr-mulohazalari, qolaversa, fan va madaniyatning shakllanishida zaminimizda yashab o‘tgan ulug‘ ajdodlarimizning o‘rni beqiyos ekanligi yoshlar uchun ibrat na’munasidir.

Bu nodir na’munalar hozirgi kunda Yevropada, qolaversa Sharq mamlakatlari oliy ta’lim muassasalarida o‘quv darsliklari sifatida foydalanib kelinmoqda.

Tadbir davomida “Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Imom Buxoriy - muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob-albomi va “Ibrohim Saffor Buxoriy” kitoblari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

SamVMI axborot xizmati.