Angliyadagi o‘zbeklar va inglizlashganlarning farqi nimalarda ko‘rinadi?

O‘zbekliklar bilan Angliyada tug‘ilib o‘sgan o‘zbeklarda ko‘pincha quyidagilarni kuzatish mumkin:

 

Biror davraga kirib borsangiz, o‘zbeklar salomingizga alik oladi, o‘rnidan turib, qo‘l berib so‘rashadi, hol-ahvol so‘raydi. "Bu mehmon kim bo‘ladilar, bizga tanishtiring" deb talab qiladi. Inglizlashgan o‘zbeklar esa alik olib, yana gapida davom etaveradi. U bilan o‘zingiz borib ko‘rishasiz, siz bilan uning ishi ham bo‘lmaydi.

* * *

Boshqa shahardagi o‘zbek do‘stlaringizni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz o‘sha kuni uydami-yo‘qligini bilish uchun telefon qilsangiz bas. Inglizlashganlarga esa kamida ikki hafta oldin aytishingiz kerak. Katta ehtimol bilan u "uzr, bandman" deydi. Agar shaharda qolishingiz kerak bo‘lsa, qaysi mehmonxonadan joy olishni maslahat berishi ham mumkin.

* * *

O‘zbeklar ishi boshidan oshib-toshib yotsa ham "o‘ta bandman, vaqtim yo‘q" demaydi. Inglizlashganlar kun bo‘yi kino ko‘rib o‘tirgan bo‘lsa ham "nihoyatda band edim" deydi. Ular har doim band. Hech qachon “g‘irt bekorchiman” deb tan olmaydi.

* * *

O‘zbeklarnikiga borsangiz, so‘ramasdan ovqat olib keladi. Inglizlashganlar esa "ovqat yeysanmi", deb so‘raydi. "Yo‘q" desangiz, "rostdanmi", deb qaytaradi. "Rostdan" desangiz bo‘ldi, qaytib so‘ramaydi.

* * *

O‘zbeklar hol-ahvol so‘raganda "ota-onajongiz yaxshimi, salom ayting", deydi. Inglizlashganlar go‘yo ota-onasi yo‘q va hech qachon bo‘lmagandek tutadi o‘zini.

* * *

Chet eldagi o‘zbeklarning ota-onasi kelib, 5-6 oy turib ketishi oddiy hol. Inglizlashganlar ota-onasini mehmon qilishga juda borsa, bir oy chidaydi. Bir haftada nafasi qisila boshlaydi.

Fayziddin MO‘MINOV.