Vatan himoyasini hayotining mazmuniga aylantirgan harbiy xizmatchi
Vatan sarhadlarini himoya qilish qog‘ozda yozilgan shior emas, balki har bir harbiy xizmatchining doimiy mas’uliyatidir.
Bu mas’uliyatni hayotining mazmuniga aylantirgan fidoyi harbiylar borki, ularning faoliyati yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida xizmat qilayotgan III darajali serjant Akbarali Ravshanov ana shunday harbiylardan biri.
Qahramonimiz 1994 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan. 2014 yilda Qashqadaryo viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tagach, Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi harbiy qismda, keyin Jizzax garnizonida va 2018 yildan buyon Samarqand garnizonidagi harbiy qismda xizmat qilib kelmoqda.
— Harbiy kiyim kiygan inson yurt tinchligi uchun javobgar ekanini doim his qilib yashaydi va bu menga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi, — deydi A.Ravshanov. — 12 yillik faoliyat Vatan oldidagi burch, tajriba, sabr va mas’uliyatni o‘rgatdi. Harbiy uchun xizmat hushyorlik, jismoniy chidam, tezkor qaror qabul qilish degani. To‘g‘ri, ba’zan charchoq bo‘ladi, ammo Vatan tinchligi haqida o‘ylasang, bu mashaqqatlar unutiladi.
Akbarali Ravshanov xizmati davomida harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda yutuqlarga erishib kelmoqda. U “Eng ilg‘or guruh komandiri”, “Eng yaxshi granatomyotchi”, “Eng yaxshi pulemyotchi mutaxassis”, shuningdek, Hindistonda o‘tkazilgan xalqaro “Do‘stlik–2” o‘quv-amaliy mashg‘ulot musobaqalari g‘olibi bo‘lgan.
— Inson o‘z mehnati qadrlanayotganini his qilsa, mas’uliyati ham ortadi va yaxshi natijalar ko‘rsatish uchun harakat qiladi, — deydi u. — Aytmoqchi bo‘lganim, xizmat qilish uchun barcha imkoniyatlar bor. Zamonaviy binolar, mashg‘ulot zallari, tibbiy xizmat, kutubxona, o‘quv maydonlari harbiylar ixtiyorida. Erishgan yutuqlarim yaratilgan ana shunday imkoniyatlar natijasidir va shu bilan birga bu Vatan tinchligini ishonchli himoya qilish mas’uliyatini yuklaydi.
Akbarali Ravshanovning Vatan himoyasi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari e’tirof etilib, 2025 yilda “Jangovar faoliyati uchun” III darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Ayni paytda u Samarqand garnizonida vzvod guruh serjanti lavozimida xizmat olib bormoqda va kasbiy mahorati, intizomi bilan yosh harbiy xizmatchilarga namuna bo‘lib kelmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.