Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Avloniy»: Adib qarashlarida tub burilish yasagan 69 kun

Film voqealari poyezdda boshlanishining o‘zi tomoshabinda savol uyg‘otadi. Avloniy qayoqqa yo‘l oldi? Yonidagilar kimlar? Ma’rifatparvarni ular bilan qanday rishtalar bog‘laydi o‘zi? Qadamba-qadam manzil va maqsad oydinlasha boshlaydi. Toshkentdan yo‘lga chiqqan poyezd Samarqand, Chorjo‘y, yana bir nechta shaharlarda to‘xtab o‘tadi. Rus harbiylari, bir nechta tillarda so‘zlovchi xufiyalar, afg‘on askarlari, xorij siyosatchilaridan iborat delegatsiya afg‘on yurtiga yo‘l olayotgani film davomida ma’lum bo‘la boshlaydi.

O‘tgan asrning boshlarida, xususan, 1919 yilda ro‘y berayotgan voqealar namoyish etilar ekan, tomoshabin ancha paytga qadar Avloniy bu delegatsiya tarkibiga qanday qo‘shilib qolgan o‘zi, degan savolga javob izlaydi. Sababi, bizning nazdimizda Avloniy boshqa jadid bobolarimiz kabi maktab tashkil qilib, gazeta chiqargan, ma’rifat ulashgan, mamlakatda ilk bor teatrga asos solib, elga madaniyat ulashmoqchi bo‘lgan yurt fidoyilari sifatida gavdalanadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, «Avloniy» katta ekranlarga chiqishi bilan ko‘pchilik shu yo‘nalishni qamrab olgan film tomosha qilamiz, degan tasavvurda edi. Avloniyning bolsheviklarning yirik diplomatlari hamrohligidagi sayohati kishini bir muddatga taajjubga qo‘yishi ham shundan.

Shu o‘rinda, XX asr boshlari mamlakatimiz tarixida turli voqeliklarni o‘z ichiga olgan murakkab bir davr sifatida o‘rin olganligini eslatib o‘tish joiz. Bir tomondan Yevropa davlatlaridagi sanoat inqilobi, ma’rifat tarqatish usullarining O‘rta Osiyoga nigohlari qadalgan yirik davlatlar ko‘magida kelishi, shu tariqa ushbu mamlakat ziyolilarining ham bu kabi ezguliklarni o‘z yurtida tarqatishga tashnalik, ikkinchi tomondan, bu tashnalikdan foydalanayotganlarning mavjudligi hamda bu o‘lkalarda bir nechta manfaatlarning to‘qnashuvi yuz berayotgan payt edi.

Yangi usuldagi maktab, ma’rifat maskanlari qurishga bor mablag‘ini sarflagan ma’rifatparvarlarning asl maqsadi xalqni yangi davr sari chorlashdan iborat bo‘ldi. Bolsheviklarning, sho‘rolar hukumatining ma’rifat tarqatishdek ulkan ishga bel bog‘lab, bu yurtlarga «qadam ranjida qilgani» bilan bog‘liq ishontiruvlar orqali ma’rifatparvar jadidlarimizdan foydalanishga urinishlar ham bo‘lganligi ma’lum. Abdulla Avloniy rus siyosatchilarining bu qarashlariga ishonadi va qisqa muddat bolsheviklarga xizmat qiladi.

Aslida bu fakt barchaga ham ma’lum bo‘lmasa kerak. Aksariyatimiz buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyni faqat uning pedagogik asarlari, jadidchi sifatida yangi maktablar tashkil qilgani, chop etgan gazetalari orqali yaxshi taniymiz. Qisqa muddatda diplomat sifatidagi faoliyati va eng asosiysi, bu faoliyat uning qarashlarini tamoman o‘zgartirib yuborganligi bilan ahamiyatlidir.

Adibning Begali Qosimov tomonidan nashrga tayyorlangan «Tanlangan asarlar»ida jumladan, bu haqda shunday ma’lumotlar bor.

«1978 yilda Avloniy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan shoirning shaxsiy arxivini ko‘zdan kechirar ekanmiz, Afg‘oniston sa­fari kundaliklariga duch kelib qoldik. Abdulla Avloniy respublika partiya va hukumatining topshirig‘i bilan 1919 yilda RSFSR Tashqi ishlar xalq komissariatining vakili N.3.Brovinga muovin tayinlanib, Afg‘onistonga borgan. O‘sha yili sentyabrda afg‘on hukumati bilan olib borilgan muzokaralarning barchasida ishtirok etgan. 1919 yilning 26 oktyabridan 1920 yilning 28 iyuliga qadar sho‘rolarning Hirotdagi muxtor elchisi bo‘lib turgan edi. Bu ma’lumotlar shoir tarjimai holida, shaxsiy arxividagi qator hujjatlar, xususan, Afg‘oniston safariga oid rasmiy hisobotlarida bor edi, albatta. Chunonchi, Avloniy va uning hamrohlari Toshkentdan Kobulga 68 kun deganda yetib borganliklari, yo‘lda juda qattiq qiyinchiliklarga duch kelganliklarini bilardik. Shunga qaramasdan, kundaliklarning topilishi katta voqea bo‘ldi. U avvalo, xalqimiz, mamlakatimiz tarixida g‘oyat og‘ir bo‘lgan 1919 yil voqealarini, ochlik, vayrongarchiliklarni samimiy va ro‘y-rost yetkazgani bilan muhim edi».

Ha, aynan Afg‘onistonga sayohatdan so‘ng Avloniy umrining so‘nggiga qadar siyosatga umuman aralashmaydi, faqat muallimlik qiladi. Shu ma’noda film Avloniyning hayotida muhim o‘rin tutgan, qarashlarida tub burilish yasagan sayohat voqealarini tasvirlagani bilan ham ahamiyatli. Filmda sayohat davomidagi qiyinchiliklar barobarida, delegatsiya a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro nifoqlar, qaysi hududda bo‘lmasin, Avloniyning ilmu amali tufayli yuksak mavqei gavdalanib boraveradi. Turli voqeliklar Avloniy xotiralarini gavdalantirib, uning shaxsi yo‘l-yo‘lakay ochilib boradi. Sayohatning ta’siri ma’rifatparvar jadidning she’ri orqali film boshida aytilsa-da, aslida bu misralar film xotimasi hamda mazmun-mohiyatiga hamohangdir:

Dunyo kezdim, ko‘bni ko‘rdim, hech haqiqat ko‘rmadim,

Hurriyat nomin eshitdim, lek adolat ko‘rmadim.

Maslaku maqsadga ishlarmiz, deya lof urdilar,

Ishlamakda so‘zlariga hech sadoqat ko‘rmadim.

Qayda ul insoniyat, qay musovot, ohkim,

Tillariga dillarin aslo layoqat ko‘rmadim.

Majlisu minbarda og‘izdan chiqar ozodliq,

Joyi xilvatgohda bir to‘g‘ri niyyat ko‘rmadim.

Filmni shunchaki emas, tarixdan xabardor bo‘lib ko‘rish, anglash maqbulroq. Aks holda buyuk ma’rifatparvarning shuncha ishlari turib, nega aynan 69 kunlik sayohati kinoga olingan ekan, degan savol qarshisida qolaverasiz. Tarixiy filmlar olishda uzoq yillik uzilishlardan so‘ng olingan ushbu kinoasar muxlislar uchun haqiqiy yangilik, desak adashmaymiz. Filmdagi voqealar tadrijini to‘liq bayon qilmasligimiz sababi ham shunda, uni faqat ko‘rish kerak, hikoya qilib bo‘lmaydi!

Darvoqe, adibning «Afg‘on sayohati» nomli kundaliklarida (yuqorida kundalik haqida Begali Qosimovning fikrlarini keltirdik) mazkur tarixiy voqealarning bir qismi tasvirlangan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik mazkur kundalik hamda boshqa izlanishlari natijasida «Qaldirg‘och» asarini yozadi va ushbu asar asosida «Avloniy» filmi suratga olindi.

***

Eslatib o‘tamiz, yaqinda «Sharq yulduzi» kinoteatrida «O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan suratga olingan «Avloniy» badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, mazkur filmning ilk premerasi poytaxtda yaqin kunlarda o‘tkazilgan va talaygina bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Film namoyishidan so‘ng rejissyor Muzaffar Erkinov, aktyorlar Abror Yo‘ldoshev, Anvar Kartayev, Bekzod Mirzayevlar filmni olish jarayonidagi holatlar, qiyinchilik va murakkabliklar hamda film olinishidan ko‘zlangan maqsad xususida to‘xtalib o‘tishdi. Abdulla Avloniy rolini Xorazm teatri aktyori Alisher Yo‘ldoshev ijro etgan bo‘lsa, mahoratli aktyorlardan Matyoqub Matchonov, Muhammadali Abduqunduzov, Abror Yo‘ldoshev, Javohir Zokirovlarning talqini film salohiyatini oshirishga xizmat qilgan.

Filmni suratga olish ishlari shu yilning aprel oyida boshlanib, avgust oyida nihoyasiga yetdi. S’yomka jarayonlari Xorazm, Qoraqalpog‘iston, Qo‘qon hududlarida bo‘lib o‘tdi. 20 dan ziyod dekoratsiya, jumladan, 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poyezd, bitta paroxod qurildi, 500 dan ziyod kostyum tikildi.

- Keyingi yillarda tarixiy filmlar suratga olishda ijobiy qadamlar qo‘yilmoqda, - dedi tomoshabinlar bilan suhbat jarayonida Muzaffar Erkinov. - Prezidentimizning e’tibori tufayli bo‘layotgan bu kabi o‘zgarishlar, tarixiy filmlar olinishi davomli bo‘lishiga ishonamiz. Tabiiyki, oradagi uzoq uzilishdan so‘ng mamlakatimizda tarixiy filmlar olinishi ijodkorlarga qator qiyinchiliklar tug‘dirdi. O‘sha davr ruhini tasvirlash, kostyumlar, til - xullas, barcha masalalar mutaxassislar bilan maslahatlashilgan holda amalga oshirildi. Ammo kamchiliklari ham bor.  Muhimi, ushbu film yoshlarning tarixga, jadid bobolarimiz hayotiga qiziqishini oshirsa, ularning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilsa, maqsadimiz amalga oshgan bo‘ladi.

Gulruh MO‘MINOVA.