Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Belarusda o‘zbek olimi xotirasiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazilmoqda

Ayni kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Vakillarimiz orasida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor Xudoynazar Yunusov hamda institut prorektori, dotsent Baxtiyor Narziyev ham bor.

31 oktyabr - 1 noyabr kunlari yurtdoshlarimiz Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasida tashkil etilgan, atoqli o‘zbek biolog olimi, professor Doli Narziyev xotirasiga bag‘ishlangan “Hayvonlar anatomiyasi va gistologiyasining zamonaviy muammolari va tadqiqot istiqbollari” mavzusidagi birinchi Belarus-O‘zbek halqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada Rossiya, Ukraina, Belarus va O‘zbekistondan vakillar, soha mutaxassislari, olimlar va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, veterinariya fanlari doktori, professor Doli Narziyev 1926 yilning 10 martida Samarqand viloyatida tavallud topgan. Bolaligi Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan bo‘lajak olim 1944 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutining veterinariya fakultetida ta’lim olishni maqsad qiladi. Talabaligidanoq o‘zining tirishqoqligi, fidoyiligini ko‘rsatgan yosh yigitni 1949 yilda institutda assistent sifatida ishga olib qolishadi. Uni ko‘proq uy hayvonlari anatomiyasi qiziqtirardi. 1958 yilda u nomzodlik ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. 30 yoshida o‘zbek tilida “Hayvonlar anatomoyasi” deb nomlangan birinchi darslik qo‘llanma yaratdi. 1974 yilda Armaniston poytaxti Yerevan zooveterinariya institutida, professor A.Akayevskiy konsultantligida doktorlik ishini yoqladi. D.Narziyevning ilmiy rahbarligida 6 ta nomzodlik dissertatsiyasi hamda 100 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar nashr etilgan.

SamVMI axborot xizmati.