Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxona plombasini qo‘yish jarayoni soddalashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududida avto va temir yo‘l transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk bo‘limlariga maxsus bojxona plombalari qo‘yish qoidalariga tegishli tuzatishlar kiritildi (ro‘yxat raqami 2904-1, 16.08.2019 y).

Eslatib o‘tamiz, maxsus bojxona plombalari bojxona nazorati ostida tovarlar tashilayotgan barcha transport vositalarining yuk bo‘limlariga qo‘yiladi.

Qabul qilingan hujjat bilan bojxona plombalari qo‘yilmaydigan istisno holatlar ro‘yxati kengaytirildi.

Chunonchi, mavjud bo‘lgan istisnolarga quyidagi hollar qo‘shildi:

  • xalqaro shartnomalarga muvofiq, bojxona identifikatsiyalash vositalari sifatida tan olingan xorijiy davlatlarning bojxona xizmatlari tomonidan transport vositalari, tovarlar va pochta jo‘natmalariga qo‘yilgan bojxona plombalari, muhr, shtamp izlari va rasmiy belgilar, shuningdek transport, ekspeditorlik tashkilotlari tomonidan transport vositalariga qo‘yilgan plomba, muhr hamda rasmiy belgilar mavjud bo‘lganda;
  • jo‘natuvchi bojxona postlarida xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi qo‘llanilganda, agar transport vositasi va uning yuk bo‘limida bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfining belgilari aniqlanmaganda (tranzit tovarlar ortilgan transport vositalari hamda xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno);
  • tovar sifatidagi avtotransport tashishda foydalaniladigan transport vositasiga;
  • chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda joylashgan bojxona terminallariga yuboriladigan avtotransport vositalariga.

Bundan tashqari, bojxona plombasi tushunchasiga ham tuzatish kiritildi. Kiritilgan qo‘shimchaga binoan endi bu, shu jumladan transport vositalarini boshqarish va nazorat qilishning onlayn mexanizmini nazarda tutadigan navigatsion bojxona identifikatsiyalash vositasidir.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.08.2019 yildan kuchga kirdi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

axborot xizmati.