Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu dunyoda ikki tojdor qad: Mag‘ribiy Rim, Sharqiy Samarqand

Azim SUYuN, 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyatidagi Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1977). Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening osmonim» (1978). Shundan so‘ng shoirning bir qancha she’riy majmualari («Zarb», 1979; «Zamin taqdiri», 1981; «Xayolot», 1984; «Ziyo yo‘li», 1986; «Javzo», 1987; «Olis tonglar», 1989; «Kuyganim — suyganim», 1992; «Qora ko‘zing sening», 1994; «Saylanma», 1997; «Sharq xikmati», 2000; «Ey do‘st», 2005) va bir nechta dostonlari («Sarbadorlar», 1981 va boshq.) nashr etilgan.

* * *
Vatan – bu buyuk so‘z,
Har bir harfini
Hijjalab o‘qisang, bo‘lgaysan obod.
Dastavval vafo qil,
Bo‘lgin jonu ko‘z
Toki sen tiriksan,
Toki sen hayot.
So‘ngra Adolatning yalovin ko‘tar,
Har ishda u bilan ishla yonma-yon.
Tinchlikni o‘zingda-bunyod et, ko‘tar,
Yurak-la yon, albat,
Ishonch ila yon.
Azizlik rutbasi ajdodlardandir,
Najot ismi doim Vatan mag‘zida…
Demak, ahli vijdon bilan birma-bir,
Yurmak kerak doim Nurning izidan.
Vatan – bu yuksak so‘z,
Uning mehridan
Yuksalar Vafo-yu hamda adolat.
Tinchlikning gavhari
Jilo sehrida,
Azizlik va najot
Toabad hikmat…
Sen Vatan so‘zini hijjalab o‘qi,
Har harfi ko‘ksingda yonsin lovullab.
Uning to‘lqinida qalb bilan oqib,
Ufqlarga intilgin
Toshib, shovullab…
Vatan – buyuk so‘zdir…

* * *
Laylaklar-la o‘ynadi bahor,
Bog‘-rog‘larni shayladi bahor.
G‘am-g‘ussani haydadi bahor,
Ko‘nglima pok hislarni ildim,
Ona yurtga sajdalar qildim.
Toshkentimda balqidi quyosh,
Buxorodan chorladi dildosh.
Bahoviddin Naqshband yo‘ldosh,
Yo‘l boshida saodat ko‘rdim,
Ona yurtga bosh egib turdim.
Hazrat Imom minorasiday,
Imon topdik metin, rasida.
Istiqloldir buyuk qasida,
Zabonimda porladi, bildim,
Ona yurtga sajdalar qildim.
Bunyodkorim yerdan ko‘targan,
Gulshan aro bulbullar bilan –
Kuy kuyladim – nomidir Vatan!
O, naqadar lazzatlar surdim,
Ona yurtga bosh egib turdim.
Ulug‘bekning yulduzlariday,
Sohibqiron qosh-ko‘zlariday,
Navoiyning xuddi o‘ziday,
Mard, zabardast avlodni ko‘rdim,
Ona yurtga bosh egib turdim.
Ko‘ngillari obod odamlar,
Chaqmoq yanglig‘ qo‘ysa qadamlar,
Kelajagi buyuk Vatanda
Darg‘amizning umidin bildim,
Shu umidga sajdalar qildim.

BAHOR
Ulug‘bekning ruhiday
Bekinadi yulduzlar.
Ufqdan oftob tutib,
Tushib kelar kunduzlar.
Maysalarning tilida
Bo‘y-bastin qilib ko‘z-ko‘z,
Boychechakni kuldirib,
Jilmayar yashil Navro‘z.
Shir-yalong‘och bog‘lar ham,
Qaytar asta o‘ziga.
Hayo-qizg‘ish rang ingan,
G‘unchalarning yuziga.
Lahjasida qushlar ham
Chug‘urlashar-sirlashar.
Childiragan irmoqlar
Daryolarda birlashar.
Birlashganga armon yo‘q,
Qalqib turar to‘g‘onlar.
Intilganga dovon yo‘q.
Zabt etilar osmonlar.
Tirikligim hayotim,
Tanimdagi sen jonsan.
Bahorlari qanoti,
Onam – O‘zbekistonsan!
Yo‘llar tutib kaftida,
Qadamimga bosar lab.
Yurak qindan chiqqudek,
Pichirlaydi baxt tilab.
Bo‘g‘zimdagi dardlarim
Shodliklarga do‘nadi,
Yalpiz isli shahdlarim
Maysalarda tinadi

SAMARQAND
Bu dunyoda ikki tojdor qad:
Mag‘ribiy Rim, Sharqiy Samarqand,
Bani bashar qalbiga payvand.
Samarqandim, jonim Samarqand!
Dunyo ilmi, hur tafakkuri,
Oqsaroyda jam oftob nuri,
Senda kezar shoh Temur ruhi,
Samarqandim, jonim Samarqand!
To‘rt faslli makon qayda bor,
Turonzamin degan joyda bor,
O‘zbekiston bag‘rida poydor,
Samarqandim, jonim Samarqand!
Mangulikdir har lahza — bugun,
Bugundasan navqiron, durkun,
Istiqloldan baxt-umring gulgun!
Samarqandim, jonim Samarqand!
N a q o r a t:
Bu dunyoda ikki tojdor qad:
Mag‘ribiy Rim, Sharqiy Samarqand,
Bani bashar qalbiga payvand.
Samarqandim, jonim Samarqand!

Azim SUYuN.