Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘ur tumani hokimi Bahodir Bahromov eng murakkab vaziyatda qanday yo‘l tutganini gapirib berdi

– 2017 yildan beri hokim sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsam-da, unga qadar bir qator tajribali hokimlar bilan yonma-yon, yelkama-yelka ishlashimga to‘g‘ri kelgan, - dedi B.Bahromov viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan anjumanda. – Birgalikda ishlagan paytlarim ularning juda ko‘p murakkab vaziyatlarga tushib qolganini, undan chiqish uchun ba’zida noqonuniy ishlarni ham bajarishga majbur bo‘lganiga guvohman. Muammo juda ko‘p, ularni hal qilish kerak, ammo mahalliy byudjetda mablag‘ yo‘q. O‘sha yillari hokimlarning qiyin vaziyatlarda ishlaganini ko‘pchilik aytadi.

Men faoliyatimni boshlagan yillari hokimlarga imkoniyat berildi. Aholiga zarur yordam ko‘rsatish va u yordam nimadan iboratligi qisman bo‘lsa-da, hokimlar tomonidan hal etilmoqda. Hokim sifatida ish boshlganimda tabiiyki, birinchi navbatda muammolarga, zalvorli masalalarga duch keldim. Hatto, hokimiyatga kirish binosida tuzuk chiroq yonmasdi.

Darvoqe, hozir Bulung‘ur tuman markazidagi 11 ta ko‘chaning barchasiga yoritkichlar o‘rnatildi. Muammolarning barchasini qog‘ozga yozib chiqib, ularni bosqichma-bosqich hal qilishga kirishdim.

Biz doim ko‘nikib qolgan yo‘ldan bormagan tomonlarim bo‘lgandir, ammo barchasi qonuniy asosda bo‘ldi. O‘zim ichki ishlar idoralarida faoliyat yuritganim uchun birinchi galda noqonuniy ish tizimiga qarshi chiqdim.