Chingiz Aytmatov asarlari qahramoni kim?

Mumtoz adabiyotning qahramoni o‘zligini taftish qilgan bo‘lsa, zamonaviy qahramon o‘zgalarni taftish qilishga kirishdi. Mumtoz qahramon o‘z nafsiga qarshi kurashgan bo‘lsa, zamonaviy qahramon birovlarga qarshi kurashga targ‘ib qila boshladi.

Stalin shaxsi va stalinizm illatlari tanqid qilingach, adabiyotdagi vulgar sotsiologik qarashlarga bir qadar barham berildi. Insonga insondek qarash, uning jamiyatidagi o‘rni, mavqeini anglash, hayot faqat g‘alabalardan iborat emasligini tushunish, inson tabiati xato va qusurlardan xoli emasligi, erkka tashnaligi, o‘y-xayollari, xatti-harakatlari hamisha ham risoladagidek bo‘lavermasligini badiiy tadqiq etishga harakatlar boshlandi. Adabiyotga yangi iste’dodlar kirib kela boshladi. Shulardan biri Chingiz Aytmatov edi.

Chingiz Aytmatov ijodida islom va nasroniylik ta’limoti an’analari, Sharq va G‘arb madaniyatining hayotbaxsh xususiyatlari o‘ziga xos tarzda sintezlashganligini ko‘rish mumkin. Yozuvchining eng muhim xizmatlaridan biri shundaki, u sotsrealizmning tor, biqiq muhitiga toza nasimlar olib kirdi, rangin va serqirra uslubi bilan uning imkoniyatlarini kengaytirdi. Chingiz Aytmatov ijodini unga zamondosh bo‘lgan, Lotin Amerikasi mamlakatlarining badiiy solnomasini magiya, fantastika, modern vositalar bilan yaratgan Gabriel Markes ijodiga qiyoslash mumkin. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, G.Markes erkin ijod qildi, biroq  Chingiz Aytmatovda bunday imkoniyat bo‘lmadi. Gabriel Markesdan farqli o‘laroq Chingiz Aytmatov iste’dodini to‘la-to‘kis namoyon eta olmadi. Iste’dodning ma’lum qismini o‘zi mansub bo‘lgan tuzumning xohish-irodasi uchun qurbon qilishga majbur edi. O‘z davrida va undan keyin sho‘ro tuzumining  ob’yektiv manzarasini, uning tub mohiyatini tasvirlashda Chingiz Aytmatovga  teng keladigan yozuvchi bo‘lmasa kerak. Biroq ulkan adibning bu estetik hukmlari sotsialistik realizm ruxsat bergan chegaralar doirasida edi. Bu xususiyat, masalan, uning ijodini  sevimli adibi  Mixail Bulgakov ijodi bilan qiyoslaganda yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Chingiz Aytmatov yaratgan xarakterlar tarixiga yozuvchi biografiyasi orqali qaraydigan bo‘lsak, bu xarakterlar va qahramonlar tarixi – Aytmatovlar oilasi tarixidir.

Chingiz Aytmatovning syujetlari – boshidan kechirgan, jonidan o‘tkazgan, ko‘nglida tuygan, ongida muhrlangan, bolaligining beg‘ubor osmonlarning quyuq bulutlarga to‘ldirgan voqelikning hayotiy fabulasidir. Taqdiri azal uning manglayiga baxtsiz bolalik dastxatini qora harflar bilan bitgan edi. Tosh asrida ham, quldorlik va feodalizm sharoitida ham xunrezliklar, zo‘ravonliklar, vayronagarchiliklar bo‘lib turgan, azaliy va muqaddas qadriyatlar toptalgan, inson xorlik va zorlikka giriftor etilgan, ro‘zi qiyomatdan darak beruvchi zamon alomatlari bot-bot bo‘y ko‘rsatgan, biroq bularning hech biri ko‘lami, tragizmi, bardavomiyligi bilan XX asrdagidek bo‘lmagan edi. Bo‘lg‘usi adibning bolaligi shunday sharoitda kechdi.

Chingiz Aytmatov yaratgan xarakterlarning ko‘pchiligi yakka, yolg‘iz, yetim, o‘gay, kimsasiz… Ularning biografiyasini bir qur ko‘zdan kechirib chiqsak, yozuvchi deyarli barcha asarlarida ushbu motivga qayta-qayta murojaat qilganligini ko‘rish mumkin.

Garchi mifologiya ijodining ajralmas qismi bo‘lsa-da, Chingiz Aytmatov yaratgan xarakterlar yunon mifologiyasidagi qahramonlardek osmondan tushib kelmaydi, ularning zuvalasida ma’budlikka yo Xudolikka da’vogarlik ham yo‘q. Ular bor bo‘y-basti, ruhiyati, sezimlari bilan tarixan konkret makon va zamondan o‘sib chiqadilar.

Har bir xarakter Chingiz Aytmatov asarlariga o‘zining o‘tmishi bilan kirib keladi. O‘tmish bu xarakterlar uchun  xotiralar taftida isinib, bir pas tin olgach, bir manzildan o‘zga manzilga, bir faoliyatdan boshqa bir faoliyatga yo‘llovchi o‘ziga xos adabiy bekat. Piyoda, otda, aravada, traktorda, yuk mashinasida, poyezdda kelayotgan yo ketayotgan bu qahramonlar shu bois hamisha yo‘lda. Davr suronlari aro o‘zliklarini izlashadi. Go‘yoki ular sabru bardoshdan yaralgandek taqdirning qaqshatqich zarbalarida ham o‘zliklarini yo‘qotmaydilar, yashashga bo‘lgan ishtiyoq, hayotsevarlik ularni absurd ko‘chalarga kirib ketishdan asraydi.

Ming yilliklar bilan bo‘ylashadigan qirg‘iz xalqi hayotidagi qiz olib qochish motiviga yozuvchi yangi, zamonaviy libos kiydiradi. Chingiz Aytmatovning talqinicha, chinakam sevgi, muhabbat oldida uzoq asrlik urug‘chilik an’analari, rasm-rusumlari o‘z ahamiyatini, mazmun-mohiyatini to‘liq saqlab qololmaydi. Yozuvchi go‘yoki qo‘liga tarozi olib, uning bir pallasiga qirg‘iz xalqining o‘tmishini, ikkinchi pallasiga kelajagini qo‘yib salmoqlayotgandek,  chamalayotgandek. “Jamila” qissasida Jamila Doniyor bilan ahdu paymon qilganida urushga ketgan sovet askari Sodiqning xotini edi. Sotsrealizm aqidalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, Chingiz Aytmatovning bunaqa talqini “shakkoklik”da boshqa narsa hisoblanmasdi. Qissa  sho‘ro adabiyotshunosligida ancha tanqid qilindi. Biroq mashhur farang adibi Lui Aragon Aytmatovning mazkur qissasini fransuz tiliga tarjima qilib, “Jahondagi eng go‘zal sevgi qissasi”, deya e’tirof etgani Chingiz Aytmatovni yuz berajak ko‘pgina kasofatlardan saqlab  qolgani ham haqiqat.

“Sarviqomat Dilbarim”da Ilyos bilan ahdu paymon qilganida Asal uzoqroq bir  qarindoshiga unashtirilgan edi. Ilyos Asalni o‘g‘irlab ketadi, sevib turmush qurishadi, biroq baxtli bo‘lisholmaydi. Baxtsiz muhabbat motivi adib asarlarida tez-tez uchrab turadi. Tanaboy va Bibijon, Rayimali oqin va Begimoy, Edigey va Zarifa munosabatlari alohida- alohida armon va o‘kinch shevasida bitilgan mungli, mahzun muhabbatnomalardir. Bir-biriga o‘xshamagan, bir-birini takrorlamaydigan bu sevgi qissalaridagi juftliklarning har biri o‘zlaricha baxtsiz. Ularni birlashtirib turgan sevgi rishtalari ayriliqqa tutashaveradi. Yozuvchi oila, muhabbat, burch masalalarini talqin etganda sharqona mentalitetga tayanadi. Tabiiyki, G‘arb yozuvchisi bu masalalarni boshqacha talqin etgan bo‘lardi.

Chingiz Aytmatov poetik uslubining yana bir jihati – uning personajlari ko‘pincha tabiiy ofat sinovlariga duch keladi. Kutilmaganda yog‘ib qoladigan yomg‘ir, jala, qor, suv toshqini, havo haroratining to‘satdan pasayishi, quyuq tuman va boshqa tabiat hodisalari shusiz ham murakkab vaziyatni, munosabatlarni, konfliktni yanada chigallashtirib yuboradi, syujetning yangi bir tarmog‘ini yuzaga keltiradi. “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” to‘lasincha ana shu konsepsiya asosiga qurilgan. Bu asarda yozuvchi uchun qadrdon bo‘lgan tog‘u dashtlar adabiy makoni okeanga ko‘chiriladi. To‘rtovlon qayiqda ovga chiqqanda okeanni quyuq tuman qoplaydi. Tabiatda “ish tashlash” boshlanadi. Quyosh nur sochmaydi, yulduzlar yo‘l ko‘rsatmaydi, tumanni tarqatish uchun shamol ham esmaydi. Quyuq va muallaq tuman…

“Lekin bu tun ham ob-havo zarra o‘zgarmadi. Dengiz ustidagi tuman avvalgiday parvoi palak, dong qotib qolgandi. Borliqni yanada bo‘g‘iq oqshom zulmati bosdi. Ketidan aql bovar qilmaydigan darajada  uzun, chidab bo‘lmas darajada qorong‘u, dahshatli tun boshlandi. Lekin qaniydi tun oralig‘ida shamol tursa, mayli, bo‘ron tursa, to‘fon bo‘lsa ham mayliydi, ishqilib, havo ochilib, osmonda yulduzlar ko‘rina qolsa! Lekin tunda zarracha o‘zgarish alomati, suvda birorta to‘lqin, havoda birorta epkin yo‘q edi – borliq cheksiz sukunatga, cheksiz zulmatga chulg‘angan edi. Cheksiz zulmat qo‘ynida adashib qolgan yolg‘iz qayiq va undagi azob-uqubatdan, ochlikdan, tashnalikdan tinka madori qurigan odamlar tuman ichida pista po‘chog‘iday bir joyda aylanishar, noma’lum qismat va umidsizlik changalidan chiqolmas edilar…” (Chingiz Aytmatov. Tanlangan asarlar. Qissalar. “Sharq” 2016, 634-bet).

Yozuvchi shunday bir tragik vaziyat yaratadiki, qahramonning birgina so‘zi, birgina harakati uning kim ekanligini yarq etib namoyon qiladi. Okeanning suvi sho‘r – ichib bo‘lmaydi, chuchuk suv tugayozgan, yegulikka esa quritilgan sho‘r baliq qolgan, xolos. Tuman tarqab, sohilga yetguncha bola – Kiriskka suv yetar-yetmas. Kiriskning yashab qolishi uchun avval bobosi, keyin tog‘asi, so‘ng otasi o‘zlarini qurbon qiladilar – inon-ixtiyorlarini cheksiz zulmat va suv qoplagan bahrga topshiradilar.

Chingiz Aytmatov realist ijodkor. Uning realizmi mifologiya, xalq og‘zaki ijodi, diniy syujetlar va motivlar, fantastikaga to‘yingan realizmdir. “Musibat pallalarida bir og‘iz aytilgan gapning tagida undan necha barobar ko‘p haqiqatlar aytilmasdan turadi”, deydi “Sarviqomat dilbarim” asari qahramonlaridan biri. Agar adib ijodini sho‘ro davri musibatlari tarixi deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan juda ko‘p haqiqatlar uning uslubiga jilo bergan ertak, rivoyat, miflarning qat-qatiga singdirib yuborilganligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Chingiz Aytmatovning real hayotdan mifologiyaga,  mifologiyadan real hayotga tabiiy o‘tib ketishini ta’minlaydigan poetik usullari bor. Bular – tush ko‘rish, isitmada alahlash, ayni paytda o‘zga jonzotga evrilish istagi, galyusinatsiya holatlaridir.

“Oq kema”da bola baliq odam bo‘lib ketishni orzu qilsa, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”da O‘rxun bobo suv parisi bilan birlashib, mangulikka singib ketish umidida dunyodan o‘tadi.

G.Flober: “Bovari xonim – bu mening o‘zim”, deya bejiz aytmagan. Hush va tush oralig‘ida yashayotgan bola ham, O‘rxun bobo ham – yozuvchining o‘zi. Chunki Chingiz Aytmatov Muxtor Shoxonov bilan bo‘lgan suhbatlarida alag‘da tushlar ko‘rishini ta’kidlab o‘tadi. “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori”dagi iqrornomalar Chingiz Aytmatov ijod olamiga olib kiradigan kalit, uning va qahramonlarining tarjimai holidir.

Chingiz Aytmatov fenomenini yuzaga chiqargan yana bir jihatga e’tibor qaratish zarur. Buyuk yozuvchi adabiyotga yangi insonni, yangi xarakterni olib kirdi. Bu inson obrazi o‘zining yaqin salaflaridan farqli o‘laroq kurashchan, jangovar hamda muayyan g‘oyalar yalovbardori emas, balki kichikroq bir jug‘rofiy hududda o‘zligini, jamiyatdagi o‘rnini izlayotgan inson. Gabriel Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” asari bilan Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asari deyarli bir vaqtda yaratilgan. Realizm va mifologiyaning uyg‘unligi, parallel holda kechishi har ikki asar uchun xos xususiyat. Bundan tashqari, har ikki asarning voqea-hodisalari sivilizatsiyadan chetroq, ovloq yopiq makonlarda kechadi. “Yolg‘izlikning yuz yili” qahramonlari Makondoning to‘rt tarafidan suv bilan o‘ralganligini anglab,  tamaddundan  chetda chirib, nom-nishonsiz yo‘qolib ketmaslik uchun u yerdan chiqishga harakat qilishadi. “Oq kema” qahramonlari esa o‘z makonlari – o‘rmon xo‘jaligidan chiqib ketishni  xayollariga ham keltirishmaydi. Chunki ularni sivilizatsiyaning o‘zi shu ovloq go‘shaga uloqtirib tashlagan.

Uzoq asrlar davomida chorva ortidan yaylovdan toqqa, tog‘dan yaylovga o‘tovi bilan ko‘chib yurgan kishilar uchun shahar hayoti zerikarli, diqqinafas, soxta. Shu bois hech qanday kuch ularni bu makonlaridan chiqarolmaydi. O‘rmon xo‘jaligida bor-yo‘g‘i uchta oila: Mo‘min chol kampiri va nevarasi bilan, O‘rozqul xotini Bikey hamda Seyidaxmed xotini Guljamol va qizchasi bilan yashashadi.

“Oq kema”ning arxitektonikasi shunday qurilganki, personajlarning  birortasi o‘zlari yashab turgan mikro hududdan tashqariga chiqib ketolmaydi: hamma bir-biriga begona bo‘lsa-da, ayni damda hamma bir-biriga ko‘rinmas iplar bilan bog‘lab tashlangandek.

Syujet oddiy: johil O‘rozqul har gal mast bo‘lib, farzandsizligi chun xotinini kaltaklaydi, Mo‘min chol – tabiatan mute, qo‘lidan hech ish kelmay, titrab-qaqshab iztirob chekadi, O‘rozqulga yalinib-yolvoradi. Bir chekkada bularni kuzatib turgan bola yig‘lab, o‘zining ertaklar dunyosiga talpinadi. Qissada keltirilgan shu real hayot manzarasi bilan parallel ravishda kiritilgan rivoyat tufayli asar syujetidagi xronotop, ya’ni makon va zamon kategoriyasi cheksiz kosmik miqyoslarga ko‘tariladi. Rivoyat qirg‘iz xalqining kelib chiqish tarixidan boshlanadi. Rivoyatdagi ramziylik bois o‘tmish va kelajak bugunning chorrahasida uchrashadi. Tabiatan mo‘min bo‘lgan chol, ertak va rivoyatlarga yosh boladek ishonadigan, ko‘z yoshi qilib tinglaydigan bu chol fojialar girdobida yashaydi. Real voqelikdan zada bo‘lib, ertaklar olamiga singib borayotgan bola – o‘tmish va kelajakni bog‘lab turgan uzv, ko‘prik. O‘rozqul esa johillikning timsoli. Jaholat esa, ma’lumki, barcha zamonlarda ham qurbonlik talab qilgan – rivoyatda shoxdor Ona Bug‘u, qissada Bola jaholat qurboniga aylanadi.

Mo‘min chol umrida ilk bor isyon ko‘targach, ya’ni O‘rozqulning dag‘dag‘alariga quloq solmay, nevarasini maktabdan olib kelish uchun Oqboshni minib ketgach, O‘rozqul mast bo‘ladi-yu, xotinini uydan haydab yuboradi. Falakning bedodligini qarangki, bu ayol erini emas, eriga gap qaytargan o‘z otasini qarg‘ay boshlaydi.

Mo‘min bobo bu hayotda nimagaki erishgan bo‘lsa, barchasi zavol topdi. O‘g‘li urushda halok bo‘ldi, xotini uning dog‘ida vafot etdi, qizi bolasini unga qoldirib, shaharga ketib qoldi. Katta qizi Bikeyning ahvoli esa bu. O‘zi esa keyingi kampirining qarg‘ishi va O‘rozqulning zug‘umlarini yutib yashashga mahkum. Bu fojealarning ko‘lami keng, bu fojealarning poyoni yo‘q. Bular kamlik qilgandek Mo‘min boboning shoxdor Ona Bug‘uga – xalqining xaloskoriga, o‘zining o‘tmishiga, bolaning kelajagiga o‘z qo‘llari bilan o‘q uzishi shunday hayotiy mantiq bilan asoslanganki, hech qanday fantastik tafakkur kuchi bilan ham bu haqiqatni rad etib bo‘lmaydi.

Chingiz Aytmatov Mo‘min chol timsolida davr voqeligi ezib, abgor qilgan inson obrazini yaratgan edi. Keyinchalik romanlarida yaratilgan manqurt, iks zurriyotlar g‘arbu sharqda, shimolu janubda kechgan, kechayotgan voqelikning badiiy umumlashmalari, nazarkarda adibning karomatlari bo‘lib qoldi.

“Kassandra tamg‘asi”ga kelib, yozuvchi o‘zlikdan, qadriyatlardan voz kechishning foje oqibatlari global miqyoslarga chiqqanligini ko‘rsatadi. Krilsov o‘z laboratoriyasida undirilgan embrionlardan mahkuma ayollarning bachadonlariga ko‘plab iks zurriyotlar, ya’ni ota-onasi ham, aka-ukalari ham, tog‘a-jiyanlari ham, xullas, birorta qarindosh-urug‘i yo‘q bolalar yetishtira boshlaydi.

XX asrning oxirgi o‘n yilliklarida kechgan tarixiy jarayon – bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tish boshqa ong qirralari kabi badiiy adabiyotda ham ijtimoiy fikrning salmog‘ini oshirdi. Shulardan kelib chiqib, Chingiz Aytmatov uslubidagi ikki asosga e’tibor qaratmoq zarur. Qissalarida tabiat va tabiatga yaqin xarakterlar kashf etilgan bo‘lsa, romanlarida jamiyat va shaxsning ijtimoiylashish jarayonlari kuchayganligi seziladi. Hozirda ana shu ikki asosning turli xil kombinatsiyalaridan rang-barang asarlar yaratilyaptiki, bu alohida tadqiqot mavzui.

     Taniqli adabiyotshunos I.G‘afurov Aytmatov asarlaridan qiyomat azoblarining faryodi eshitilib turishini ta’kidlaydi. Chindan ham bu asarlarda oxirzamon alomatlari o‘zining butun mahobati bilan gavdalanadi. Shu bilan birga, yozuvchi inson umrinining poydorligi va bardavomligiga, insoniyat kelajagiga umid bilan qaraydi, ana shu umidvorlik eng og‘ir damlarda ham uning qahramonlari qalbiga taskin va dalda beradi.

“…Inson o‘ylari bilan Dengizga va Osmonga tenglasha oladi. Shu o‘ylari bilan u tabiatning abadiy qudrati oldida o‘zining mavjudligini isbotlaydi, shu bilan inson koinotning teranligi va yuksakligiga munosib bo‘la oladi. Shuning uchun inson hayot ekan, u ruhan dengizday qudratli, ruhan osmonday cheksiz: chunki o‘y-xayolotning cheki yo‘q. Agar inson o‘lsa, uning o‘y-xayollarini boshqa bir inson davom ettiradi, u ham o‘lsa, keyingisi va hokazo, bu hodisa cheksiz davom etaveradi…” (605-bet).

Inson irodasi va sha’niga tiklagan badiiy obidalari tufayli Chingiz Aytmatovni ko‘pchilik ilm va ijod ahli Alisher Navoiy, Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov, Gabriel Markeslarga qiyoslashadi. Bu to‘g‘ri. Chunki har bir davr o‘z g‘oyalarining ifodasi o‘laroq ana shunday mutafakkirlarni tarix sahnasiga olib chiqadi.

Tasavvuf talqiniga ko‘ra, olamning yaratilishidan maqsad – inson, insonning yaratilishidan maqsad komil insondir. Komillikka yo‘l – shodu xurramlikka yo‘l emas, qayg‘uga safar, musibatlarga safar. Haqiqiy talantning hayot va ijod yo‘li ham xuddi shunday – mashaqqat va zahmatlardan yaraladi, o‘zlikni anglash va tinglashga da’vat etadi, ma’naviy poklanish va yuksalishga chorlaydi.

Ana shu azaliy va abadiy haqiqatni  Chingiz Aytmatov o‘z asarlari bilan hayot va davr tasdig‘idan o‘tkazdi.

Shavkat HASANOV,

Samarqand davlat universiteti professori.