Paxtadan yuqori daromad oling, imtiyozlardan foydalaning!

Viloyat fermerlar kengashi Rayosati a’zolari fermerlarga murojaat qildi.
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha fidoyilari!
Bugungi murakkab global iqtisodiy sharoitda, oziq-ovqat xavfsizligi dunyo miqyosida dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir paytda, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslar va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, yuqori hosil olish, agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
2025 yilning o‘tgan uch oyida Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar orqali Siz, fermer va qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga katta imkoniyat va imtiyozlar yaratildi.
Birinchidan, soliq yuki yengillashtirildi, 2025 yil 19 martdagi PF-50-sonli Farmonga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblangan penyalar hisobdan chiqarildi, ijro ishlari to‘xtatildi;
Ikkinchidan, yuqori hosil uchun rag‘bat shakllantirildi. Prezidentimizning 2025 yil 28 martdagi PQ-131-son qaroriga asosan, paxtadan 50 s/ga, g‘alladan 80 s/gadan yuqori hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etildi:
- ijaraga olingan yerlarning 25 foiziga almashlab ekish huquqi (chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar);
- fermerlar kengashi a’zolik badali 0,6 foiz o‘rniga 0,3 foiz etib belgilandi;
- yer solig‘ida bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda 3 karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llashga ruxsat berildi.
Uchinchidan, Prezidentimizning 2025 yil 8 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yer maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan xo‘jaliklarga o‘zlariga qarashli yerlarning dala chetlarida ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq, jami yer maydoning 1 foiziga, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan yerga muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash ob’yektlarini qurishga ruxsat berildi.
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan chigitni ham o‘z vaqtida yerga qadash biz fermer va dehqonlarning asosiy vazifasidir.
Aprel oyida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertaki, sifatli va mo‘l bo‘lishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan o‘lchanadi. Bobodehqonlar ta’biri bilan aytganda, “Erta ekkan – erta o‘radi”, shuning uchun chigitni o‘z vaqtida yerga qadang.
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun aprel-may oylarida, ya’ni “Dolzarb bir oylik”da biz fermerlar tomonidan chigitni o‘z vaqtida yerga qadab, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi hamda erta ekib qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarga har qachongidan ham ziyoda mas’uliyat bilan yondoshishingiz so‘raladi:
birinchidan, barcha fermerlar uzog‘i bilan 2-3 kunda to‘liq chigitni ekishni yakunlang;
ikkinchidan, 16-20 aprel kunlarida g‘o‘za maydonlarida 150-200 kg azotli, 50 kg kaliy, 200 kg fosforli (ekish bilan berilmagan bo‘lsa) o‘g‘itlar bilan 1-kultivatsiya ishlarini sifatli o‘tkazing;
uchinchidan, 3 kun muddatda dala chetlariga sabzavot, poliz, moyli, dukkakli yoki makkajo‘xori urug‘i va ko‘chatlarini ekishni yakunlang. Xususan, Xitoy navlari ekilgan maydon atrofiga makkajo‘xori yoki kungaboqar ekishni alohida tashkil eting;
to‘rtinchidan, 20-25 aprelgacha g‘o‘za qator orasini chuqur (60 sm kenglikda ekilgan dalada 25-30 sm, qolgan maydonlarda 35-40 sm chuqurlikda) chizel qiling;
beshinchidan, g‘o‘za nihollari to‘liq unib chiqqan maydonlarda tuproq mexanik tarkibi yengil maydonlar (qum yerlar) da 200-220 ming tup/ga, mexanik tarkibi o‘rta (voplon) yerlarda 140-160 ming tup/ga, mexanik tarkibi og‘ir (sug‘a) yerlarda 120-130 ming tup/ga, Xitoy texnologiyasida qoldirishingizni, yagonalashni g‘o‘za 1-2 chinbarg chiqargunga qadar yakunlang;
oltinchidan, g‘o‘za 2-3 chinbarg chiqarganda organik biopreparatlar, kimyoviy moddalar (gumin, gumimax, NVK, ifo, PZN, Bioduks va hokazo) biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering, g‘o‘zaning erta pishib yetilishi hamda paxtadan 50 sentner hosil olishga erishing;
yettinchidan, paxta dalasiga zararkunandalar kirib kelmasligi uchun dala chetlariga oltinko‘z biomahsulotlarini 1000 dona/ga me’yorida tarqatish, begona o‘tlardan tozalash, oltingugurt va ISO qaynatmalar bilan ishlov berishni 3-5 kunda yakunlang;
sakkizinchidan, g‘allangizni bahorgi oziqlantirishni 5 kunda yakunlab – 200 kg/ga ammiakli selitra sepishni unutmang;
to‘qqizinchidan, 10 kunda kamida 3 marta bargidan oziqlantiring (suspenziya sepish) hamda 1 m2 maydonga 2-3 dona xasva imogasi aniqlangan maydonlarni dala chetiga qaratib kimyoviy ishlov bering;
o‘ninchidan, g‘alla kombaynini, tashish texnikalarini mavsumga tayyorlang;
o‘n birinchidan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari paxtachilik va g‘allachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib, bu yil paxta hosilini 50 sentner hamda g‘alladan 80 sentner hosil olib, yuqori daromad olishga erishing hamda Prezidentimiz qaroridagi belgilangan imtiyozlardan foydalang.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning e’tirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida, bir necha yillar faqat xomashyo sifatida sotilgan tolalarimiz, bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot bo‘lib milliy iqtisodiyotimiz o‘sishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Qolaversa, Sizlarning rejalaringizning muhim omili yetishtirilgan hosilning o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib olinishga bog‘liqdir.
Shuning uchun quyidagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshiring:
birinchidan, chigit ekishni 2-3 kun muddatda yakunlash uchun fermerlarga kerakli texnika va moddiy resurslarni o‘z vaqtida yetkazilishida ko‘maklashing;
ikkinchidan, paxta va g‘alladan yuqori hosil olish uchun qo‘shimcha mineral o‘g‘it va boshqa resurslarni g‘amlang;
uchinchidan, g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik ko‘rib, fermerlar yetishtirgan g‘allani sifatli saqlash uchun shart sharoitlar yarating.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Barchangizni mavjud imkoniyatlarni ishga solib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini tez kunlarda sifatli ekish va yuqori daromad olishga chaqiramiz.
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda Dolzarb bir oy mobaynida qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z muddatlarida ekishga hamda yuqori hosil olishga da’vat etamiz!
Samarqand viloyat fermerlari kengashi Rayosat a’zolari.