Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar yana bittaga ko‘paydi

Joriy yil 30 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.

Ushbu qaror bilan Vazirlar Mahkamasining «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2018 yil 5 dekabrdagi 994-sonli Qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Litsenziya olish uchun ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi:

A) Yuridik shaxs uchun - yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami;

-  Jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) uchun - yuk tashish huquqiga litsenziya olishda - familiyasi, ismi, otaning ismi, pasportga hamda xaydovchilik guvohnomasiga oid ma’lumotlar;

-  faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) ko‘rsatilgan holda litsenziya berish to‘g‘risidagi so‘rovnoma va/yoki litsenziya varaqlari olish uchun korxona ixtiyorida bo‘lgan avtotransport vositalarining ro‘yxati bilan birga avtotransport vositalarining mulk huquqi, ashyoviy huquqlar yoki ijara asosida tegishliligi to‘grisidagi ma’lumotlar;

B) Ariza beruvchida xaydovchilarni tibbiy ko‘rikdan va avtotransport vositalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish yoxud ariza beruvchining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy ko‘rik va texnik ko‘rikdan o‘tish imkoniyati yaratib berilishi to‘g‘risidagi shartnomasi mavjudligi haqidagi ma’lumotlar.

Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ko‘llagan xolda litsenziya varaqlarini elektron shaklda rasmiylashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1 bosqich - ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga (DXM) o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ro‘yxatdan o‘tadi (xohishiga qo‘ra, murojaat qilganda). Ma’muriy reglament va ommaviy oferta bilan tanishib chiqadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘im to‘lanadi (eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida davlat boji undiriladi).

2 bosqich - DXM/YaIDXP so‘rovnomani litsenziyalovchi organ (Transport vazirligi)ga yuboradi (1 soat mobaynida, avtomatik tarzda).

3 bosqich - litsenziyalovchi organ (Transport vazirligi va hududiy boshqarmalari) – Ariza beruvchini litsenziya talab va shartlariga mosligini o‘rganadi (1 ish kuni). Ariza beruvchini litsenziya talab va shartlariga nomuvofiq deb topilgan taqdirda davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib etgan taqdirda)yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) Yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qabul qilgan qarori yuzasidan xabar yuboradi (1 ish kuni).

4 bosqich - DXM ariza beruvchini (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) qabul qilingan qaror haqida hamda litsenziya/litsenziya varaqlari berish uchun o‘rnatilgan tartibda davlat boji to‘lovlarini amalga oshirish to‘g‘risida xabardor qiladi (1 soat mobaynida).

5 bosqich- ariza beruvchi litsenziya/litsenziya varaqlari berish haqida qaror kelib tushgandan so‘ng, litsenziya varaqlari berish uchun davlat boji to‘lovlari amalga oshiriladi (3 oy mobaynida).

6 bosqich- litsenziyalovchi organ (Transport vazirligi va hududiy boshqarmalari):

1) ijobiy qaror mavjudligi va litsenziya/litsenziya varaqlari berish uchun to‘lovlar to‘laganidan so‘ng QR kod bilan ximoyalangan litsenziya/litsenziya varaqlarini o‘zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlab rasmiylashtiriladi;

2) litsenziya/litsenziya varaqlarini (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboradi (1 ish kuni).

7 bosqich - DXM litsenziya/litsenziya varaqasini talabgorga o‘zi shaxsan kelganda unga o‘z muhrni ko‘yish yo‘li bilan beriladi (1 soat mobaynida).

Davlat xizmatlari markazlari va litsenziyalovchi organ o‘z faoliyatida amalga oshirish natijasida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.

Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

DXM Samarqand viloyati boshqarmasi.