Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DBQ raisi o‘rinbosari samarqandlik tadbirkorlarning fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi

Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ishlashi uchun sharoit yaratish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiyotning asosiy sektori bo‘lgan tadbirkor hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, bojxona xizmati polkovnigi  M.Saliyev boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatida bo‘lib, qator korxona va tashkilotlarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

Xususan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan yirik eksportyor korxonalardan biri “SAM ELEKTRO SERVIS” O‘zbekiston va Turkiya qo‘shma korxonasi tashrif buyurdi.

Korxona yiliga 260 ming dona elektrduxovka, 100 ming dona gaz plita va 100 ming dona dudburon ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, korxona 15 xil turda elektrduxovka, 10 xil turda gaz plita, 5 xil turda dudburonlar ishlab chiqarmoqda. Korxonada 200 ga yaqin xodim 2 smenada 24 soat davomida uzluksiz faoliyat olib bormoqda.

Mahsulotlarning 40 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxona mahsulotlarini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi davlatlarga eksport qilmoqda.

Samarqand gilamlari sifati va o‘ziga xos bichimi bilan dunyo bozorida o‘zining xaridorlariga ega. Hozirda erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan “YEC Gilam” MChJ korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan gilamlarga talab yuqori. Mazkur korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan ishchi guruh yaqindan tanishar ekan, bugungi kunda korxona tomonidan qiymati 528,2 ming AQSh dollar, og‘irligi 256,0 tonnaga teng bo‘lgan gilam va gilam mahsulotlarini MDH davlatlariga eksport qilmoqda.

Kun davomida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh “Urgut Mikro Metal”, “UR Jeans”, “Grand Fayz Baraka”, “Agro Dry Fruits”, “Oxalik Oltin Bog‘i Mevasi” va “Zarafshon Tekstil” MChJ kabi o‘nlab korxonalarda ham bo‘ldi.

Tashrif mobaynida korxonalar tomonidan ishlab chiqarish jarayonida uchrayotgan ba’zi bir muammolar yuzasidan murojaatlar bildirildi.

Jumladan, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan so‘ralayotgan mavzularning aksariyat qismi bank-kredit hamda muvofiqlik sertifikatini olish bilan bog‘liq jarayonlar, debitor qarzdorlikni undirish muddatini uzaytirish, xorijiy hamkor bilan savdo hajmlarini tiklash va shartnomalar tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish kabi masalalar ko‘tarildi.

Yuqoridagi korxona va tashkilotlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar o‘rganilib, ishlab chiqiladigan takliflarni DBQga yuborish bo‘yicha viloyat bojxona boshqarmasi rahbariyatiga topshiriqlar berildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.