Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyo oziq-ovqat xavfsizligi masalasi Samarqandda muhokama qilindi

16-17 oktyabr kunlari Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Milliy va global omillar” mavzusidagi II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

ZOOM dasturi asosida onlayn tarzda o‘tkazilgan konferensiyada Xitoy, Rossiya, AQSh, Italiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari professorlari, nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda respublikamizning sohaga oid 30 dan ortiq tashkilotlaridan 260  nafar mutaxassis va olimlar o‘zlarining oziq-ovqat sohasidagi bugunning dolzarb masalalariga qaratilgan ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Konferensiyada olimlar koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtaldi. Xususan, O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi konsepsiyasi masalalari, uning milliy va xalqaro me’yorlari: ovqatlanish va ovqat hazm qilishning dolzarb masalalari, klasterlar tizimi - oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning innovatsion asosi, foydali o‘simliklarning tabiiy zaxiralarini o‘rganish, muhofaza qilish, yetishtirish hamda qayta ishlashning intensiv texnologiyalarini ishlab chiqish va boshqa shu kabi bugungi kundagi muhim masalalar muhokama qilindi.

- Bugungi sinovli kunlarda oziq-ovqat inson hayoti uchun juda muhimligini butun dunyo ahli tushunib yetdi, - deydi Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani Toshpo‘lat Rajabov. – Zero, pandemiya davrida oziq-ovqat xavfsizligi, uning ta’minotini yaxshilash dolzarb masala. Ilmiy ishlanmalarsiz, boy tajribalarsiz bu muammoga yechim topib bo‘lmaydi. Bugungi xalqaro anjumanda dunyoning turli hududlaridan tajribali mutaxassislar shu yo‘nalishda olib borgan izlanishlari va ularning ijobiy samaralari, erishayotgan yutuqlari xususida o‘z ma’ruzalarida bayon qildi, tajriba almashdi. Bu konferensiya nafaqat O‘zbekistonda, balki ishtirokchi davlatlarda ham oziq-ovqat xavfsizligi masalasidagi muammolarga yechim topishida muhim ahamiyatga ega.

Tadbir doirasida oziq-ovqat xavfsizligiga oid ko‘rgazma ham tashkil etildi.