Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkin so‘z aytish imkoni berilmaydi, olinadi...

Jiddiy tashkilotlar nozikroq mavzuda 300 kishi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Aqlli gaplar bo‘ldi. Uch yuz kishining ichida salohiyati yetsa-da, fikr bildiruvchi, savol beruvchi topilmadi. Hamma jim. Chunki mavzu “nozik”.

– Savolingiz bormi? Hozirning o‘zida kelishib olaylik, ertaga har qanaqa gap “chiqib ketishi” kerak emas. Ishni yaxshi yo‘lga qo‘yishlaringiz uchun qanday yordam lozim?..

Bu fikrni notiq uch-to‘rt marta takrorladi.

– Avvalo, xalqning roziligi muhim, sizlar olib borayotgan siyosat mohiyati, maqsadingizni yaxshi tushuntirib berishingiz kerak, – dedi jurnalist. – Sallani desa, kallani oladigan ishchi guruhning foydasidan zarari ko‘proq tegadi.

– Nima demoqchisiz?

– Maktab o‘quvchisi hijob o‘ramasligi, beo‘xshov soqol qo‘ymaslik haqida gapiryapsiz. Xo‘p, hijob o‘ramasin ham deylik, ro‘mol o‘rashi mumkinmi? Soqolni qo‘yishda me’yor bormi? Buni ishchi guruh biladimi? Yoki yoppasiga ro‘mollar ham yechilib, soqollar qiriladimi? Bu targ‘ibotni olib boruvchilar, xalqqa tushuntiruvchilarda yetarlicha bilimning o‘zi yetarli emas. Tashviqotchilarga bu haqda yo‘riqnoma bering. Odamlarni norozi qilib qo‘yishmasin...

– Maktab yoki kollej o‘quvchisi ro‘mol o‘ramasin, soqol mutlaqo qo‘yilmasin, demoqchi emasmiz, – dedi ma’ruzachi. – Ammo o‘sha fuqaroning maqsadi, maslagini bilish lozim. Oborib qamash, zo‘ravonlik qilish kerak emas. Odamlarning norozi bo‘lishidan yomoni yo‘q. Tan olaylik, adashganlar ham bor. Maqsad, shundaylarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish.

Jiddiy tashkilotlar jurnalistni zaldan chiqarib yubormadi. Aksincha, ishchi guruhning qay tartibda ish olib borishi imkon qadar tushuntirib berildi.

Boshqa savol berilmadi. Shivir-shivirlar boshlandi. Jurnalistning na soqoli, na “oq qalpoqchasi” bor edi...

Jurnalist tirik. Tadbirdan so‘ng bosim ham bo‘lgani yo‘q, jiddiy tashkilotlar tomonidan “nega bunday savol berding” ham deyilmadi!

Faqat jurnalistga kerakmi?

Savol tug‘iladi. Nega shu kabi tadbirlarda savolni ko‘pincha jurnalist berishi kerak? Xo‘p, uning shaxsiy hayoti, oilasi yo‘qmi? Boringki, anglashilmovchiliklarga barham berish, qaltisroq savol berish aybmi?

Bir misol, o‘tgan shanba kuni siyosiy partiyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri debatini kuzatdik. Partiyalarning o‘zaro savol-javobi go‘shtsiz sho‘rvadan boshqa narsa bo‘lmadi. Quruq suv. Nainki, siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmagan odamlar, balki serialdan boshqani tan olmaydigan ammamning ham ensasi qotdi. Kulgisi qistadi.

Xo‘sh, siyosiy partiyalar vakillarining, a’zolarining oilasi, shaxsiy hayoti boru, qaltis savolni o‘rtaga tashlagan OAV xodimlarida yo‘qmi?

Iddao emas, so‘z erkinligi, deya bong urish, bosimni his etish ko‘proq jurnalistlarning chekiga tushmoqda.

Yana bir narsani aniqlashtirib olaylik. So‘z erkinligi – faqat OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq gaplarning aytilishi emas. So‘z erkinligi obodonlashtirish boshqarmasining xodimi rahbariga erkin gapira olishi, haqqini talab qila olishi hamdir. Uch yuz kishilik yig‘inda rahbarlarga “bu nozik mavzu” demasdan, istalgan odamning qo‘rqmay sovol bera olishi hamdir. Buning uchun “suvga cho‘kmaslik”, “yo‘qolib qolmaslik” hamdir.

Afsuski, siyqasi chiqqan gap bo‘lsayam aytaman, hali biz tashqi senzuradan ko‘ra, ichki senzuraga ko‘proq mutemiz. Savol berolmaymiz, fikrimizni aytolmaymiz. Ishdan ayrilib qolaman, deb o‘ylaymiz. Bolalarim och qoladi, deb o‘ylaymiz? Vaholanki, so‘z erkinligi ta’minlangan jamiyatda hech kimning bolasi och qolmaydi. Och qolganlar och qolganini ayta oladi.

Demak, SO‘Z ERKINLIGI hammamizga kerak. Bu dardingizni, muammoingizni YuQORIGA yetkazish imkoniyatidir.

Hech bir jamiyatga so‘z erkinligi osonlikcha berilmagan. O‘tgan asr qatag‘onlar, qurbonlar asri bo‘ldi. Hammasiga SO‘Z aybdor. Erkin so‘z aytmoq istagi sababdir.

Bugun boylar ham, so‘z erkinligi uchun kurashayotganlar ham O‘ZIMIZDAN. Begona emas. Bugun bizda achchiq tajribalar bor. Yaxshi namunalar bor. Ammo “oltin o‘rtaliqqa” ko‘nish ham, ko‘ndirish ham oson bo‘lmaydi!..

Demak, ommaviy axborot vositalari o‘zaro tosh uloqtirishimizdan, aravani bilganimizcha tortganimizdan ma’ni yo‘q.

Isomiddin PO‘LATOV,

“Jomboy tongi” gazetasi muharriri.