Jurnalistga tahdid qilgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi
Kun.uz nashri xodimlariga tahdid qilgan Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov lavozimidan ozod etildi.
Avval xabar berilganidek, 14 avgust kuni Kun.uz muxbiri «Xiva stroy» MChJ murojaatini o‘rganish maqsadida Olmazor tumaniga tashrif buyurgan. Uchrashuv vaqtida Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov uni videoga olmaslikni talab qilib, operatorga tashlangan. Buning oqibatida Abdurasul Vahobov operator shtativini sindirib yuborgan.
Shu kunlarda Toshkent shahar prokuraturasi Olmazor tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar prokurori tomonidan holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi nomiga taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomaning ko‘rib chiqilishi natijasiga ko‘ra, Vahobov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Bosh prokuratura shahar prokuraturasiga ishni qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.
AOKA rahbari Komil Allamjonov ushbu xabarga izoh berar ekan, agentlik har bir bloger va jurnalist huquqlarini himoya qilishini qayd etib o‘tgan.