Erkinjon Turdimov: Yo‘llarda piyoda va haydovchilar harakatlanishi uchun tezkor choralar ko‘rish zarur

Viloyat hokimi E.Turdimov yo‘lsozlar, kommunal soha korxonalari mutasaddilarining Samarqand shahar va Samarqand tumani yo‘llarida olib borayotgan ishlarini tanqid qildi. Yo‘llardagi qazish ishlarini olib borishda xalq fikri o‘rganilmaganligi, tashkilotlararo o‘zaro hamkorlik yo‘qligini bildirdi. Bu borada viloyat hokimining shu sohaga mas’ul o‘rinbosari, tuman va shahar hokimlari ham muvofiqlashtirish ishlarini olib borishda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yayotganliklarini ta’kidladi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, E.Turdimov qisqa fursatlarda kamchiliklarni bartaraf etish, barcha ko‘chalarda harakatlanish uchun fuqarolarga ham, haydovchilarga ham qulaylik yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.
Ushbu masala bo‘yicha har kuni barcha mas’ullar kunlik hisobot taqdim etishi, hisobotlar monitoringi olib borilishiga hamda barcha yo‘nalishda ishlarni uch smenada tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Qurilish, ta’mirlash ishlari sifatli amalga oshirilishi zarurligi hamda bajarilgan yumushlar nazorat qiluvchi inspeksiyalar va maxsus laboratoriya tahlillari asosida qabul qilinishi yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan muhokamada ushbu ishlarga mas’ul barcha viloyat korxona va tashkilotlar rahbarlari qat’iy ogohlantirildi.
Mas’ullar viloyat hokimi va aholi tomonidan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan o‘z taqdimotlarini o‘tkazib, muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha o‘z rejalarini bildirdi.
Ko‘ramiz, bu rejalar qanchalik samara berar ekan?