Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Go‘zal jaholatga qarshi ekanligini isbotladi

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” nomli ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazilganligidan xabaringiz bor. Quvonarlisi, ushbu ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan Samarqand shahridagi 13-umumta’lim maktabining 9-B sinf o‘quvchisi Go‘zal Abduhalilova faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Go‘zal Abduhalilova umumta’lim maktabida ustozlar bergan saboqni puxta o‘zlashtirib, doimo o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydi. Oilasidagi kitobxonlik muhiti, o‘zining kitobga alohida mehri uning dunyoqarashini kengaytirib, atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga teran nigoh tashlashga undadi.

“Jaholatga qarshi ma’rifat” ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi e’lon qilingach, o‘ziga ishonch bilan tanlovda qatnashib, viloyat saralash bosqichidan o‘tgach, Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

— Ustozlarimizning ko‘proq kitob mutolaa qilishga undashida hikmat ko‘p, — deydi Go‘zal Abduhalilova. — U aqlimizni peshlaydi, fikrlarimizni tiniqlashtiradi. Buning isbotini mustaqil ijodiy ishlar yozganda ko‘rish mumkin. “Jaholatga qarshi ma’rifat” ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida ham g‘olib bo‘lishimda aynan kitobga oshnoligim foyda berdi.

Go‘zal o‘zining ijodiy ishida yoshlar o‘rtasida tobora urchiyotgan turli illatlar, “ommaviy madaniyat” sarqitlari, ularning o‘quvchilar ongiga salbiy ta’sirini to‘laqonli tasvirladi. O‘z navbatida, tengdoshlarining turli noto‘g‘ri xatti-harakatlarini qoralab, ezgulik tarafdori bo‘lib yashashga, o‘qish va izlanishga undadi.

Iqtidorli o‘quvchining bu inshosi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, 1-o‘ringa munosib topildi. U Xalq ta’limi vazirligining diplomi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.