Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokim olgan «Kaptiva» bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov yuborildi

Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi tomonidan “Mega Karer” MChJdan “Captiva” rusumli avtomobil 260 million so‘mga sotib olingani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Xabarda sotuvchi tuman hokimining yaqin qarindoshi ekaniga alohida urg‘u berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, haqiqatdan ham Parkent tumani hokimligi “Captiva” avtomobili xarid qilgan va vositachi korxona ta’sischilaridan biri tuman hokimining o‘g‘li ekanini tasdiqlagan.

Bu holatga O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham befarq qarab turmadi.

Yuqoridagi harakatlarda davlat hokimiyati vakilining o‘z mansabidan foydalangan holda korrupsiyaga yo‘l qo‘yish alomatlari mavjudligini inobatga olib, agentlik mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga so‘rovnoma yubordi. Holat yuzasidan OAV va keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot beriladi, deya xabar bermoqda agentlik axborot xizmati.