Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jamoatchilik palatasi – fuqarolik jamiyati sari dadil qadam

O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat, ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi mustaqil faoliyat yuritadigan, o‘zini o‘zi boshqaradigan, barqaror, keng aholi qatlamining qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘ladigan, xalq orasida chuqur ildiz otadigan turli xil fuqarolik jamiyati institutlarini tashkil etish va rivojlantirish muhim vazifalardan biridir.

Shu bilan birga joylarda aholi bilan uchrashuvlar natijalari, ulardan qilinayotgan murojaatlarlar tahlili davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida bog‘lab turuvchi ko‘prikka zarurat borligini ko‘rsatmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbari  joriy yilning 16 aprel kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi  PF-5980-sonli farmoniga binoan  tuziladigan yangi palata davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlikni mustahkamlovchi muhim hujjat hisoblanadi.

 Ushbu tashabbus Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Parlamentga Murojaatida ilgari surilgan edi. Unda davlatimiz rahbari “Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda, jamoatchilik bilan maslahatlar,jamoatchilik eshituvining majburiyligini aniq belgilash kerak, jamoatchilik maqul desa maqul, nomaqul desa nomaqul bo‘ladi. Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman” degan edilar.

Shu paytgacha parlamentda Prezident oldida fuqarolik jamiyati institutlarining pozitsiyasini bildiradigan yagona tashkilot yo‘q edi. Endi esa tashkil etilayotgan palata xalqimiz dilidagi dolzarb masalalarni hukumatga olib chiqishda muhim bo‘g‘in sifatida qaralmoqda.

Mana shulardan kelib chiqib palataning 12 ta asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bular orasida davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining ezgu sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishdan tortib fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga ko‘maklashish, aholi fikrini tizimli o‘rganib dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va tegishli hokimiyat organlariga takliflar kiritib borish vazifalari mavjud. Bundan tashqari BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish singari bir-biridan muhim vazifalar kiritilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning nufuzi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha 30 ga yaqin xalqaro reytinglarda oshib borayapdi. Endi fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri bo‘lgan Jamoatchilik palatasi O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi nufuzini, o‘rnini oshirishga xizmat qiladi.

Farmonda belgilanganidek, Jamoatchilik palatasida jamoatchilik asosida ishlaydigan a’zolar soni 50 nafardan iborat bo‘lib, ularning 18 nafari Prezident tomonidan tayinlanadi. Ular turli sohalarda jamiyat rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan fuqarolar, NNT lar va OAV lari vakillari orasidan tayinlanadi. Yana 18 nafar a’zo esa respublika miqyosida faoliyat ko‘rsatayotgan NNT lar, OAV lari va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlov asosida Jamoatchilik palatasi qaroriga asosan a’zo etib qabul qilinadi. Palataning 14 nafar a’zosi hududiy Jamoatchilik palatasi vakillari bo‘lib ular lavozimi bo‘yicha hududiy Jamoatchilik palatasi raisi hisoblanadi.

Shuningdek, hududiy Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar a’zodan iborat bo‘lishi belgilandi. Jamoatchilik palatasi vakillarining muddati 3 yil qilib belgilangan. Yuridik maqomi esa maslahat Kengash organi bo‘ladi. Jamoatchilik Kengashi tomonidan ishlab chiqiladigan takliflar, mulohazalar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

Jamoatchilik palatasi tashkil etilganligi munosabati bilan vakolatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat Kengashi va Markaz tugatilmoqda. Faoliyat yo‘nalishlariga mosligini inobatga olgan holda endilikda “Mening fikrim” veb-portalini Jamoatchilik palatasi tasarrufiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Prezident farmonida berilgan vakolatlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda mahalliy vakillik organlarida jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan jamoatchilik uchun dolzarb bo‘lgan masalalar yuzasidan fikrini o‘rganish va tahlil natijalarini har chorakda ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda.

Palata a’zolari har bir davlat organining ochiq hay’at majlisida shuningdek, Oliy Majlis palatalarining majlislarida, hukumat soatida, mahalliy Kengashlar majlislarida ishtirok etishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflar, o‘ta dolzarb masalalarga normativ-huquqiy xujjatlar loyihalari jamoatchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Bundan tashqari palatalarga jamoatchilik palatasi so‘rovini yuborish, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari tarkiblarini shakllantirishda ishtirok etish singari vakolatlar berilmoqda.

Yangi kiritilayotgan tartibga muvofiq viloyat xalq deputatlari kengashlarining yig‘ilishlarida har chorakda jamoatchilik palatasi tomonidan ko‘tarilgan va o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilinishi belgilandi. Shu bilan birga jamoatchilik palatasiga berilgan muhim masalalardan biri bu fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental tadqiqotlarga tashabbuskor bo‘lish imkoniyati berilmoqda.

Jamoatchilik palatasining muhim vazifalaridan biri bu davlat dasturlarining ham monitoringini amalga oshirish, undan tashqari joylarda qonunchilik xujjatlarining amalda ishlash holatini ham monitoring qilish vazifasi yuklatilmoqda. Bu esa yana bir masala “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunda belgilab berilgan nazorat funksiyalari, nazorat instrumentlaridan endilikda yanada faol, yanada kengroq foydalanish imkoniyatini beradi. Bu borada farmonda manfaatdor vazirlik va idoralarga “O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi jamoatchilik palatasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Shunday qilib, mamlakatimizda jamiyat islohotlar tashabbuskori degan xalqchil g‘oyaning amaldagi ro‘yobi sifatida fuqarolar manfaatlarini himoya qiluvchi yangi tuzilma maydonga kelmoqda. Bu esa xalq bilan muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim bosqich – fuqarolik jamiyati sari dadil qadamdir.

Fotex RAHMATOV,

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi Samarqand hududiy bo‘linmasi rahbari.