Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboy tumanida iqtidorli o‘quvchilar uchun “Hokim stipendiyasi” joriy etiladi

Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi 15-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda Prezidentimizning “Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni loyihasiga takliflari to‘g‘risidagi masala ko‘rildi.

So‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba-yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimi hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlikni, integratsiyani, ta’limning uzviyligini ta’minlash borasidagi ishlar e’tiborga molik.

Shu bilan birga, milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda.

Sessiyada so‘zga chiqqan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Z.Yusupova ushbu maslaga to‘xtalib, qabul qilinishi kutilayotgan Prezident farmoni loyihasiga qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, loyihaning 3-a bandiga qo‘shimcha ravishda Milliy o‘quv dasturlari xalqaro xorijiy maktablar o‘quv tizimiga mos tarzda ishlab chiqilishi, o‘quv rejasi o‘quvchilarni mustaqil dars qilishga undovchi tizimga yo‘naltirilishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ta’limda erishilayotgan natijasi bo‘yicha o‘qituvchilarni rag‘batlantirish yoki jarima belgilash tizimini yaratish taklifi kiritildi.

Bundan tashqari, iqtidorli o‘quvchilar uchun “A’lochilar jamg‘armasi”, “Hokim stipendiyasi” kabi rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ta’sis etish, tumanning iqtidorli yoshlaridan iborat “Jomboy oltin fondi”ni yaratish kabi takliflar deputatlar tomonidan muhokama etildi.

Sessiyaga taklif etilgan umumta’lim maktablarining direktor va direktor o‘rinbosarlari ham so‘z olib, kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati.