Jo‘rabek yo‘lda tug‘ilgani rost. Ammo u tibbiy xizmatdan bebahra emas (video)

Joriy yilning 20 avgustida ijtimoiy tarmoqlarda “Urgutda shifoxona yopildi, chaqaloq yo‘lda tug‘ildi” mavzusida videoxabar tarqatildi.
Xabarda “Bu chaqaloqning ismi Jo‘rabek. U 2019 yilning 3 iyunida Urgut tumanidagi Beshbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. Jo‘rabek O‘zbekistondagi minglab tengdoshlaridan farqli o‘laroq yo‘lda, ko‘chada tug‘ildi. Chunki u yashayotgan hududdagi shifoxona besh yil muqaddam yopilib ketgandi”, deyilgan. Shuningdek, sifatli tibbiy xizmat va doya nazoratisiz tug‘ilgan bolalarda nobud bo‘lish yoki kasalmand bo‘lib qolish holati ko‘p uchrashi, ayni vaqtda shifoxonasiz qolgan hududda yuzlab homilador ayollar borligi bildirilgan.
Mazkur holatni o‘rganish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga borildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Urgut tumanidagi «Ibn Sino» nomli 3-tuman shifoxonasi 1977 yilda moslashtirilgan binoda tashkil etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi Investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Urgut tumani tibbiyot birlashmasini kapital rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanishi munosabati bilan birlashma tasarrufidagi tug‘ruq majmuasi va bolalar kasalliklari bo‘limining imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelinmoqda. Shu maqsadda Urgut tuman hokimligining 2016 yil 14 maydagi № 1075-Q –sonli qaroriga asosan Jo‘raptepa mahallasidagi moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatayotgan «Ibn Sino» 3-tuman shifoxonaning 25 o‘rinli tug‘uruq va 20 o‘rinli bolalar kasalliklari bo‘limlari tuman tibbiyot birlashmasiga ko‘chirilgan. Shu munosabat bilan bo‘sh qolgan binolar va mavjud 2.500 kvadrat metr yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga olingan.
E’tiborlisi, 2018 yildagi investitsiya dasturi asosida mazkur hududa barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy ikki qavatli oilaviy poliklinika qurilib foydalanishga topshirilgan. Hozirda mazkur hududda yashovchi 53 mingdan ziyod aholi uchun birlamchi va tez tibbiy xizmat hamda xirurg, stomatolog, akusher-ginekolog, urolog, pediatr kabi tor soha mutaxassislari, umumiy amaliyot shifokorlari xizmat qilib kelmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Jo‘rabek yuqoridagi sayt ta’kilganidek, yo‘lda tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Ammo O‘zbekistondagi tengdoshlari kabi Jo‘rabekda ham sifatli tibbiy xizmat olishi uchun yetarli sharoit mavjud. Hududdagi oilaviy poliklinika bu vazifani bajarib kelmoqda.
Eldor MUHAMMADIYeV,
viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi
axborot xizmati rahbari.