Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Milliy gvardiya xodimi va MIB boshlig‘ining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Milliy gvardiya xodimi va MIB boshlig‘ining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi, deya ma’lum qildi O‘zA.

7 avgust kuni, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i U.Elmurodovning Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimiga qo‘pol munosabatda bo‘lib, xaqoratlagani aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Videotasvir Byuroning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Aniqlanishicha, U.Elmurodov Qashqadaryo viloyatining ma’muriy binolarning biriga fuqarolik kiyimida borib, Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimiga og‘zaki ravishda Qarshi shahar MIB boshlig‘i ekanini aytib tushuntiradi. Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimi Elmurodovdan shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishini talab qilganida, ular orasida o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelib, bir-birini hurmat qilmay qo‘pollik qilish va haqoratlanishga aylanib ketadi.

Ushbu holat yuzasidan MIB qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i U.Elmurodovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Shuningdek, MIB boshlig‘i bilan o‘zaro tortishuvni janjalga aylanishiga sababchi bo‘lgan Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimining ham harakatlariga baho berilmoqda.

«MIB va Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimining harakatlariga nisbatan huquqiy bahoni, xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra ma’lum qilamiz», deyiladi MIB xabarida.