Mahalladagi suhbat mahallalarga yetkaziladigan bo‘ldi

Samarqand shahridagi Bog‘imaydon mahallasida "Uch avlod uchrashuvi" o‘tkazildi.

Tadbirni mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, yaqinda o‘tkazilgan “Eng namunali mahalla raisi” tanlovining shahar bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan faxriy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev olib bordi.

Unda nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida keyingi paytda bu kabi suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylanib borayotgani ta’kidlandi.

- Yoshlar tarbiyasida keksa avlod vakillari tajribasidan keng foydalanish bugungi kunda o‘z mevasini berib kelmoqda, - deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. - Eng muhimi, nuroniylarimiz o‘zlarining zahmatli hayotlarini so‘zlab berishi natijasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, ajrim yoqasida turgan yosh oilalarning barqaror muhitini vujudga keltirishga erishmoqdamiz. Mana shunday uchrashuvlar bu ishlarimizning davomiyligidan dalolat. Buni yanada ommalashtirishimiz, aytilgan iliq gaplarni boshqa mahallalarga ham yetakzishimiz zarur. 

“Kitobxonlik xaftaligi” doirasida mahallaning o‘zida kutubxona ham tashkil etildi, ishtirokchilar tomonidan kitob sovg‘a qilinib, javonga joylashtirildi.

Maktab o‘quvchilarining chiqishlari davraga yanada fayz kiritdi.

Husan ELTOYeV.