32 yoshli ayol erining oyoq-qo‘lini bog‘lab, yoqib yubordi
Oliy sud matbuot xizmati xabar berishicha, Samarqandda ayol mast holatda bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining oyoq-qo‘llarini bog‘lab, ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak ushbu ayol bilan shar’iy nikoh asosida yashayotgan bo‘lgan. Oilali, farzandli erkakning bu ayol bilan munosabatidan uning onasi o‘limidan keyin xabar topgan.
"U xotini va bolasi Rossiyaga ketganidan so‘ng bu ayolni topgan. Aloqa qilib yurganidan bizning xabarimiz yo‘q. Ko‘mir bo‘lib kuyib qolgan, o‘zimning bolamni tanimadim. Uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab yoqib yuborgan. Suddan oliy jazo berishni so‘radim. Bu qanday vahshiylik", degan marhumning onasi.
Sud hujjatlarida ko‘rsatilishicha, marhum va ayol o‘rtasida tez-tez janjal bo‘lib turgan. Sudlanuvchi janjalning sababini eri oxirgi paytlarda uyga pul olib kelmagani va uni boshqa erkaklar bilan gaplashayotganlikda ayblab, rashk qilgani bilan bog‘lagan.
Ayolning aytishicha, fojia sodir bo‘lgan kuni ham erkak ayolni urgan va o‘g‘lini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. Shundan so‘ng u ko‘chaga chiqib ketib, spirtli ichimlik olib keladi. Eri mast bo‘lgach, ayol tanishiga benzin buyurtma qiladi...
"O‘g‘limni o‘ldiraman degani uchun yoqdim", degan ayblanuvchi.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi ilgari ham ayol qarindoshini pichoqlagani uchun jazo o‘tab chiqqan.
"Sud hukmi bilan ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan aybli deb topildi va unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi", deyiladi xabarda.