Xorij voqealari qisqa xabarlarda: HAMAS bir shart bilan qurolni tashlashga tayyor. Pentagon Baydenning yashirin buyrug‘ini tasdiqladi

🔹 HAMAS rasmiysining aytishicha, agar ikki davlat to‘g‘risidagi yechimi amalga oshsa, guruh qurollarini tashlaydi. Guruhning yuqori martabali siyosiy yetakchisining aytishicha, islomiy guruh 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarda mustaqil Falastin davlati tashkil etilsa, Isroil bilan besh yil yoki undan ko‘proq muddatga sulh tuzishga, qurollarini tashlab, siyosiy partiyaga aylanishga tayyor.

🔹 Bugun aviadispetcherlarning ish tashlashi sababli Fransiya aeroportlarida parvozlarning 75 foizi bekor qilingan. Ish to‘xtashi aviakompaniyalarga o‘n millionlab yevroga tushadi va o‘n minglab yo‘lovchilarga ta’sir qiladi. Namoyishchilar mehnat sharoitlarini yaxshilash va maoshni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

🔹 Amerika Qo‘shma Shtatlari prezident Jo Baydenning buyrug‘i bilan uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalari Ukrainaga yashirin tarzda topshirilganini tasdiqladi. Kecha Ukraina raketalarni yashirincha qabul qilib olgani va ularni amalda qo‘llashga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.

🔹 Kreml AQShning G‘arb sun’iy yo‘ldoshlariga super qurollar bilan zarar yetkazishni rejalashtirayotgani haqidagi da’volarini "zararli uydirma" deb atadi va BMT Xavfsizlik Kengashining barcha davlatlarni koinotda yadroviy qurollanish poygasining oldini olishga chaqiruvchi rezolyusiyasiga veto qo‘ydi.

🔹 Fransiya ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari vaqtida terakt tayyorlashda gumon qilingan 16 yoshli o‘smirni qo‘lga oldi. Parijdagi Olimpiya o‘yinlari 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

🔹 Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hukumatga yopishmasligini, lekin yonida xiyonat qilmaydigan odam bo‘lsagina nafaqaga chiqishga tayyorligini aytdi. Mamlakatda prezidentlik saylovlari 2025 yil 20 iyuldan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak.

🔹 AQShning Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi uni harbiy qudrati va yadro salohiyatini oshirishga majbur qilmoqda. Aynan AQShdan kelayotgan yadro tahdidi tufayli KXDR yadro qurolini yaratishga qaror qilgan, deydi Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kim In Chol.

🔹 Eron Suriyadagi harbiy ishtirokini qisqartirdi. Suriya poytaxtidagi konsullikka Isroil tomonidan uyushtirilgan hujumdan so‘ng Eron rahbariyati Arab Respublikasi hududidagi harbiy ishtirokini kamaytirishga qaror qilgan. Damashqdan qo‘shinlar olib chiqilmoqda, Eron qo‘shinlarining bir qismi mamlakatning boshqa hududlarida qolmoqda.

🔹 Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu Vladimir Putinning beshinchi prezidentlik muddatiga inauguratsiyasidan so‘ng tuziladigan yangi hukumatda o‘z lavozimini yo‘qotishi mumkin. Mudofaa vazirligida kutilayotgan o‘zgarishlar 2010 yillardan boshlab Shoyguning ko‘p yillik ittifoqchisi bo‘lgan, yaqinda katta miqdorda pora bilan qamalgan vazir o‘rinbosari Timur Ivanovning hibsga olinishi bilan bog‘liq.