Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Eron G‘arbning Isroilga hujum qilmaslik chaqirig‘iga javob berdi. Tramp Ilon Maskka bergan intervyusida nimalar dedi?
🔹 Ukraina harbiylarining Rossiyaning Kursk viloyatiga kirganiga bir hafta o‘tdi. Mutaxassislar bu holat Rossiya tomoni harakatini murakkablashtirishi mumkinligini aytmoqda. Bugun Kurskning yana bir rayonida evakuatsiya e’lon qilindi. U Ukraina bilan chegaradosh emas.
🔹 Eron G‘arbning Isroilga hujum qilmaslik haqidagi chaqiriqlarini siyosiy mantiqdan xoli deb atadi. Xususan, eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyaning Eronni Isroilga hujum qilmaslikka chaqirgan qo‘shma bayonotini siyosiy mantiqdan xoli deb atagan.
🔹 Rossiya harbiy-dengiz kuchlari NATO bilan ehtimoliy ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda Yevropa davlatlariga qarshi yadroviy zarbalar berishni mashq qilgan. Bu Financial Times jurnalistlari tomonidan tayyorlangan maxfiy hujjatlardan kelib chiqadi.
🔹 Donald Tramp Ilon Maskka ijtimoiy tarmoqda efirga uzatilgan katta intervyu berdi. Suhbatda Tramp Baydenni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida ayblagan va Xitoy yadro quroli bo‘yicha AQShni ortda qoldirishi mumkinligini aytgan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy Uchinchi jahon urushi, albatta, yadro qurolidan foydalanishni o‘z ichiga oladi. U, shuningdek, Vashington Rossiya va Xitoy manfaatlarining mos kelishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidladi. Maskning aytishicha, suhbatni tarmoqda 1 milliard odam ko‘rgan.
🔹 Qozog‘iston transport yo‘nalishlarini, jumladan, "O‘rta yo‘lak" deb ataladigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini faol rivojlantirish orqali tranzit hajmini sezilarli darajada oshirishga, yirik mintaqaviy savdo va logistika markazi sifatidagi rolini kuchaytirishga intilmoqda.
🔹 TikTok ijtimoiy tarmog‘i Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni bir haftaga translyasiya qilish imkoniyatidan mahrum qildi. Avgust boshida mamlakat rahbari ijtimoiy tarmoqni mamlakatda nafrat uyg‘otayotganlikda ayblab, qonuniy javobgarlik haqida ogohlantirgan, X (sobiq Twitter) faoliyatini 10 kunga to‘xtatgan edi.
🔹 Isroil mudofaa kuchlari Erondan ehtimoliy javob hujumi haqidagi xabarlar tufayli yuqori shay holatga keltirilgan.