Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Iqlim o‘zgarishi zarari hajmi aytildi. Jahon mudofaa xarajatlari tarixiy rekordda
🔹 Olimlar 2049 yilga kelib iqlim o‘zgarishi global iqtisodiyotga yiliga 38 trillion dollar zarar keltirishi mumkin degan xulosaga kelishdi. Jahon iqtisodiyoti 19 foizga qisqarishi mumkin. Yo‘qotishlar global isish sur’atlarini pasaytirish xarajatlaridan olti baravar ko‘p. Agar choralar ko‘rilmasa, oqibatlari halokatli bo‘ladi. Asosiy tahdid – dengiz sathi ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik, tabiiy ofatlar oshishidir.
🔹 AQSh Kongressi Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish loyihasini ma’qullaganidan so‘ng ayrim faollar va AQShning taniqli musulmon tashkilot yetakchilari prezident Jo Baydenni bo‘lajak prezidentlik saylovlarida qo‘llab-quvvatlamasligi ma’lum bo‘ldi. Ular Baydenning Kongress orqali o‘tayotgan Isroilga yordam paketini imzolashi mumkinligini "qaytmas nuqta" va "mutlaq falokat" deb atashmoqda.
🔹 Jahon mudofaa xarajatlari tarixiy rekordga yetdi. Hisobotga ko‘ra, 2023 yilda ular 2,443 trillion dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 6,8 foizga ko‘pdir va o‘sish 2009 yildan beri eng yuqori. Bunda beshta davlat - AQSh, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Saudiya Arabiston xarajati eng yuqori bo‘lib, ularda jahon harbiy xarajatlarining 61 foizini tashkil qilgan.
🔹 AQShning yangi yordam paketi tufayli Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya bilan mojaroda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deydi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy. Oldinroq AQSh Kongressi Ukrainaga yangi 61 milliard dollarlik harbiy yordam paketini ma’qullagandi.
🔹 Prezident Anjey Duda Polsha hududida Amerika yadroviy qurollarini joylashtirishga rozi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Polsha urushdan oldingi holatda emas va u mas’uliyat bilan tutib turish siyosatini amalga oshirmoqda.
🔹 Eron prezidenti Raisiy pokistonlik hamkasbi Zardoriy taklifiga binoan ilk davlat tashrifi bilan Pokistonga bordi. Bu ikki davlat munosabatlari mustahkamlanayotganidan darak beradi demoqda siyosatchilar.
🔹 Armanistonning Tavush viloyatidagi Kirans qishlog‘i yaqinidagi yo‘lni to‘sib qo‘yish uchun maxsus kuchlar yuborildi. Kirans tomon yo‘l olgan maxsus kuchlar norozilik bildirayotgan mahalliy aholiga qarshi kuch ishlatishga tayyor. 19 aprel kuni Yerevan Boku bilan chegaraning alohida uchastkalari bo‘yicha kelishuvni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 4 ta qishloq Ozarbayjon tasarrufiga o‘tgan.
🔹 Ekvadorda jinoiy to‘dalar zo‘ravonligiga qarshi yanada qat’iyroq choralar ko‘rish bo‘yicha referendum o‘tkazildi.