Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Qozog‘istonda o‘z rafiqasini o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq vazir ishi bo‘yicha sud tergovi yakunlandi
🔹 Qo‘shma Shtatlar husiylarga Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatish evaziga Yamanning yirik shaharlari Sana va Xodayda blokadasini olib tashlashga va’da berdi.
🔹 Qozog‘istonda seldan jabr ko‘rgan oilalarga yangi kvartira kalitlari topshirilmoqda. Yashash uchun yaroqsiz deb topilgan uylarning egalariga yangi uy berilishi aytilgandi.
🔹 Tanzaniyada toshqinlar oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘lgan. Kuchli yomg‘irlar davom etayotgan Sharqiy Afrika hali ham suv ostida. 200 mingdan ortiq odam jabrlangan, 155 kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan.
🔹 Qozog‘istonda o‘z rafiqasini o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq iqtisodiyot vaziri Kuvandiq Bishimbayevning ishi bo‘yicha sud tergovi yakunlandi. Sobiq vazir o‘ta shafqatsiz qotillikda ayblanmoqda.
🔹 Braziliyaning Santos ko‘rfazi suvlari ko‘p miqdorda kokain bilan ifloslangani aniqlandi. Olimlar kokain dengizga har yili San-Pauluda bo‘lib o‘tadigan karnavalga tashrif buyuradigan sayyohlar oqimi paytida kirib borishini taxmin qilmoqda.
🔹 Ukraina Qurolli Kuchlari AQSh tomonidan yetkazib berilgan ATACMS uzoq masofali ballistik raketalardan Qrimga zarbalar berish uchun foydalanishi mumkin. Bunday tizimlardan foydalanishdan maqsad yarim orolga "ko‘proq bosim o‘tkazish" bo‘ladi.
🔹 Yaqinda pora tufayli hibsga olingan Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari o‘rinbosari Timur Ivanov Rublyovkadagi qasrlardan birida yashagani ma’lum bo‘ldi. Xabarda aniqlik kiritilishicha, kottejning narxi 11 million dollarni tashkil qiladi.
🔹 Isroil mudofaa kuchlari hukumat ruxsat berishi bilanoq Rafahda quruqlikdagi operatsiyani boshlashga tayyor. AQSh Isroilni tinch aholi o‘rtasida yangi qurbonlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Falastin anklavidagi aholining yarmidan ko‘pi Rafahdan boshpana topgan.
🔹 Istanbulda sud 2022 yil noyabrda shahar markazida terakt sodir etishda ayblangan, Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador ayolni yetti umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Istiqlol ko‘chasidagi portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohat olgan edi.