Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur barpo qilgan qudratli saltanat hamda Samarqandda tashkil qilgan bog‘lari haqida bilasizmi?

Amir Temur 1360 yildan 1370 yilga qadar Movarounnahrda tinchlik o‘rnatish, mo‘g‘ullarning tazyiqlari va bu yerdagi talonchiliklariga barham berish uchun jang olib bordi. Nihoyat, 1370 yil Samarqandda yirik qurultoy chaqirdi va Temuriylar davlatiga asos soldi.

Sohibqiron o‘z hukmronligi davrida biror marta yengilmadi. Uning davlati poytaxti Samarqand bo‘lib, u o‘sha davrning eng go‘zal va madaniyat markazi hisoblangan, dunyo sayqali hisoblanmish shahar edi. O‘sha davr dunyoda mavjud xalqlar va davlatlarning katta qismi Amir Temur hokimiyatini tan olishgan. XIV-XV asr boshlarida yer yuzida Amir Temurdek qudratga ega hukmdor yo‘q edi.

Bu davrda Amir Temur juda ko‘p bunyodkorlik ishlarini olib bordi. Manbalarda uning 200 ta saroyi borligi, shundan 18 tasi Samarqandda, 15 tasi Keshda va boshqa hududlarda ekanligi aytiladi. Xususan, Samarqandda Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Bibixonim Jome masjidi, Ruhobod, Amir Temur va Temuriylar maqbarasi va boshqalar bo‘lgan.

Amir Temur davlatni boshqarishga katta e’tibor berib, yangi davlat tizimi bo‘yicha Devoni buzrugdan tashqari, har bir viloyatda Devon deb ataluvchi boshqarma tuzgan. Bu boshqarmalar soliq yig‘ish, tartib saqlash, ijtimoiy binolar — bozorlar, hammomlar, yo‘llar, sug‘orish tarmoqlariga qarab turish va aholining xulqiy-axloqiy harakatlarini nazorat ostiga olish kabi ishlar bilan shug‘ullangan. Har bir Devonda kirim-chiqimlarni hisobga olish, qayd etish olib borilgan. Shaharlar va shahar atrofi aholisidan na jon solig‘i va na boj olinardi. Birorta ham askarning doimiy turish uchun shaxsiy kishilar uyini egallashga yoki fuqarolarning molini va boyligini o‘zlashtirib olishga haqi yo‘q edi.

“Barcha ishlarda,— degan edi Amir Temur,— bu ishlar qaysi o‘lka xalqiga taalluqli bo‘lmasin, hokimlarning adolat tomonida qattiq turishlariga buyruq berilgan. Qashshoqlikni tugatish maqsadida boshpanalar tashkil qildimki, kambag‘allar ulardan nafaqa olib turardilar”.

 Sohibqiron davrida Turon zamini dunyoning eng rivojlangan, farovon va obod maskaniga aylandi. Samarqand jahon savdo markaziga aylanishi bilan bir qatorda, jahon diplomatiyasi markazlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Dunyoning turli mintaqalaridan elchilik karvonlari tashrifi ko‘payib bordi. Sohibqiron tomonidan shahar atrofida bog‘lar barpo etilib, ulardagi yozgi saroy va ko‘shkilarda xalqaro elchilik tadbirlari amalga oshirilgan. Tarixiy manbalarda, diplomatik yozishma va esdaliklarda Amir Temur tomonidan barpo etilgan bog‘lar haqida juda ijobiy fikrlar bildirilgan. Mazkur bog‘lar haqida ma’lumotlarni o‘rganish bugungi kunda ham mahalliy va xorij ommasini qiziqtirib kelmoqda.

Bog‘ibaland. Sohibqiron Samarqand shimolidagi Cho‘pon ota maqbarasi yaqinida (hozirgi aeroport atrofi) nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog‘chilik san’ati ustalari hamda me’morlari qatnashgan. Bog‘ o‘rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo‘lib, uning atrofidagi uzumlar, anjirzor va olmazorlar boqqa go‘zal bir tarovat baxsh etib turgan.

Bog‘ibehisht. 1378 yilda Sohibqiron Samarqandning g‘arbida suyukli xotini Xayrinisoga atab qurdirgan. Ayrim yozma manbalarda “Bog‘i Jannat” nomi bilan ataladi. Bog‘ o‘rtasidagi atrofi handaq bilan muhofaza etilgan sun’iy tepalik ustida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli saroy bo‘lgan. Saroyga bir necha ko‘tarma ko‘priklar orqali kirilgan. Bu bog‘ning bir tarafida hayvonot bog‘i bo‘lib, turli xil hayvonlar saqlangan.

Bog‘i Dilkusho. (Ko‘ngil ochuvchi bog‘) 1397 yilda Amir Temur xotinlaridan biri Tukalxonim sharafiga qurilgan. Bu bog‘ Samarqanddan 5 kilometr sharqda, Panjakent yo‘lining o‘ng tomonida (qadimiy G‘ijduvon qishlog‘i o‘rnida) joylashgan. Har tarafi 900 metr uzunlikdagi baland paxsa devor bilan o‘ralgan. Bog‘ning to‘rtta darvozasi markazida hashamatli saroy bo‘lgan. Saroy uch qavatli bo‘lib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Sohibqiron olib borgan urushlardan lavhalar chizib qo‘yilgan. Bu bog‘ o‘rnida hozirgi kunda Dilkusho qishlog‘i joylashgan.

Bog‘i Jahonnoma (Jahon ko‘zgusi). Amir Temur Samarqanddan yetti farsax (42 km) narida, Zarafshon tog‘i etagida qurdirgan (taxminan Urgut tumanida). Unda saroy va qal’a bo‘lgan. Bog‘ning hududi juda ham katta bo‘lib, yo‘qolib qolgan ot 6 oydan so‘ng topilgan ekan.

Bog‘i Maydon. Cho‘ponota tepaligi etagida, Samarqandning shimolida joylashgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, bog‘da hashamatli bir ayvon (ko‘shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo‘lgan. Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek bu bog‘ni yanada obod qilgan. Bu bog‘ o‘rni hozir ham Bog‘i Maydon deb ataladi.

Bog‘i Nav (yangi bog‘). Bu bog‘ni 1404 yilda Amir Temur Samarqandning Janubida qurdirgan. Lolazor qishlog‘i o‘rnida joylashgan. Bu bog‘ to‘rtburchak shaklida bo‘lib, atrofi baland paxsa devor bilan o‘ralgan, har burchagida minora qad ko‘tarib turgan. Markazida boshqa bog‘lardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida katta hovuz bo‘lgan.

Bog‘i Chinor. Amir Temur Samarqandning sharqida (Konigilning janubiy-g‘arb tarafida, hozirgi Qo‘shtamg‘alik tepaligi o‘rnida) barpo qildirgan. Unda ajoyib chinorlar ko‘p bo‘lgan. Bog‘ning markazida saroy joylashgan.

Bog‘i Shamol. Amir Temur 1397 yilda nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Bu bog‘ Samarqandning g‘arbida bo‘lgan. Undagi saroy to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlariga marmar qoplanib, sahni qorayog‘och va fil suyagidan ishlangan. Bu bog‘ joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham Bog‘i Shamol deb ataladi.

Amir Temur bobomiz Samarqand atrofida bulardan tashqari, yana bir qancha bog‘ va saroylar barpo etgan.

Gulbog‘. Samarqandning janub tomonida, Taxti Qoracha dovoni yaqinidagi bog‘. Sharafiddin Ali Yazdiyning ma’lumotiga ko‘ra? bog‘ 1398 yilda barpo qilingan. Muarrix yozadi: “Hazrati Sohibqiron bir necha kundan so‘ng (Samarqanddan ko‘tarilib), azimat jilovini Kesh tomon jo‘natdi. Bu yo‘lda bir tog‘ borki, undan Samarqandgacha qariyb yetti farsah keladi. Uning boshlanishida bir anhor oqadi. Daryodek saxiy va osmondek shavkatli podshohona tashrif shu’lasi u toqqa tushdi. Olamni tartibga keltirib ravnaq berish borasida himmatining zo‘rligi tufayli imorat qurishga yaroqli har bir joyning zoye ketishini ravo ko‘rmaydigan, mamlakatlarga oro beruvchi ra’y bu mavzeda bir boqqa asos solishga farmon berdi, toki bu chuchuk suvli anhor u jannat asarli bo‘stonda “uning tagida anhor joriydir” degan oyati karimani eslatib tursin. Bog‘ o‘rtasida voqe bo‘lgan ko‘phora ustida esa bir qasr qurishni buyurdi. Bajarilishi vojib bo‘lgan bu amr ijro etilib, qasr qurilishi bitgach, unga “Taxti Qoracha” deb nom berildi”.

Darhaqiqat, bog‘ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Klavixo uni shunday tasvirlaydi: “Bog‘ning atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan bo‘lib, devor aylanasi to‘la bir liga (liga – ispancha uzunik o‘lchovi bo‘lib, 5572 metrga to‘g‘ri keladi) kelar edi. Bog‘da po‘rtahol (apelsin) va limudan tortib, har xil mevali daraxtlar bor edi. Bog‘da oltita hovuz bo‘lishiga qaramay, bog‘ni kesib o‘tgan anhor oqib turadi. Hovuzlarning biridan ikkinchisiga baland va katta soyali daraxtlardan bamisoli yo‘l solingan. Bu yashil yo‘llar o‘rtasidan balandlikka tomon ko‘tarilgan xuddi shunday so‘qmoqlar butun bog‘ bo‘ylab o‘tgan. Bu yo‘ldan yana qiyalab boshqa yo‘llar o‘tkazilgan. Undan yana boshqalari tarmoqlab ketgan. Xullas, bu yo‘llardan yurib, butun bog‘ni tomosha qilish mumkin edi”. Hozir bu bog‘ning o‘rnida Gulbog‘ qishlog‘i mavjud.

Bog‘i Bo‘ldu. Samarqand sharqida barpo bo‘lgan bog‘. Mirzo Bobur yozadiki: “(Temurbek) Samarqandning sharqida ikki bog‘ solibtur, birikim yiroqroqtur, Bog‘i Bo‘ldudur, yovuqrog‘i (yaqinrog‘i) Bog‘i Dilkushodir”. V.Vyatkin qadimiy Samarqand topografiyasiga oid maqolasida Bog‘u Bo‘lduni Bog‘i Dilkushoga yaqin yerdagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida bo‘lgan, deb ma’lumot beradi. O‘.Alimovning tekshirishlari natijasida bog‘ning Panjakentga ketadigan yo‘lning o‘ng tomonida, Bog‘i Dilkushodan bir yarim kilometrcha narida joylashganligi aniqlangan.

Bog‘ nomi xususida fikr yuritganda aytish joizki, “Bo‘ldu” kalimasini ayrimlar “kamolotga yetgan, yetuk, kam-ko‘stsiz”, boshqalar esa “farovonlik, mo‘lchilik” ma’nosiga ega deb ko‘rsatadilar. V.Radlovning turk shevalari lug‘atida bu so‘z “badavlat” ma’nosini bildiradi deb qayd etilgan. Shunga ko‘ra, Bog‘i Bo‘ldu “to‘kin bog‘” ma’nosiga ega. Bu bog‘ni 1398-1400 yillarda barpo etilgan, degan taxminlar bor.

Bog‘i Naqshi Jahon. Cho‘ponota tepaligining janubiy etaklarida bunyod etilgan bog‘. Ayrim tadqiqotchilar Bog‘i Naqshi Jahon Amir Temur qurdirgan dastlabki bog‘larning biri, deb hisoblaydilar. “Naqshi Jahon” so‘zi “dunyo bezagi” ma’nosini bildiradi. Mirzo Bobur yozadi: “(Temurbek) yana Pushtai Ko‘hak domanasida, Konigilning qora suyining ustidikim, bu suvni Obi Rahmat derlar, bir bog‘ solibtur, Naqshi Jahong‘a mavsum. Men ko‘rgan mahalda bu bog‘ buzulub erdi, oti besh qolmaydur edi” (ya’ni, nomidan boshqa hech narsasi qolmagan edi).

Bog‘i Davlatobod. Samarqand janubida, Termiz yo‘lining yoqasida, Bog‘i Dilkusho bilan Bog‘i Jahonnamo oralig‘ida barpo etilgan bog‘. Temuriylar davriga oid vaqf hujjatlariga ko‘ra, bog‘ Darg‘om arig‘i bilan Shovdor arig‘i yaqinida bo‘lgan. Harbiy yurishlardan qaytgan jahongir shu bog‘da tantanali marosimlar o‘tkazgan, elchilarni qabul qilgan. Xususan, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur 1399 yili Hindiston yurishidan qaytayotib, Bog‘i Jahonnomada orom olgandan so‘ng Davlatobod bog‘iga, u yerdan Bog‘i Dilkushoga kelganini hikoya qiladi. O‘.Alimovning yozishicha, bog‘dagi saroy baland tepalik ustida qurilgan bo‘lib, shimol tarafdan Darg‘om arig‘i hamda Samarqandning go‘zal manzaralari, janub tarafidan esa Qoratepa tog‘lari ko‘rinib turgan. Sharq tarafidan qishloqlar, g‘arb tomondan esa bepoyon dalalar o‘rab turgan.