Bugun “Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlangan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkaziladi

1979 yil 11 avgust o‘zbek futboli muxlislari uchun mudhish kun sifatida tarixga muhrlangan. O‘sha kuni SSSR oliy ligasida navbatdagi tur o‘yinini o‘tkazib qaytayotgan “Paxtakor” klubi aviahalokatga uchragan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va “Paxtakor” klubi har yili ushbu sanada mazkur halokat qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab turli tadbirlar, xususan, afsonaviy futbolchilar o‘rtasida musobaqa o‘tkazib keladi. Bu galgi bellashuv bugun, 14 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Unda Mirjalol Qosimov, Azamat Abduraimov, Baxtiyor Ashurmatov, Odil Ahmedov, Server Jeparov, Timur Kapadze, Ignatiy Nesterov, Ravshan Irmatov kabi nomlardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi Rossiya futboli afsonalariga qarshi maydonga tushadi.

Rossiya terma jamoasi tarkibida Rinat Dasayev, Dmitriy Alenichev, Valeriy Shmarov, Yegor Titov kabi futbol yulduzlari maydonga tushishi kutilmoqda.

O‘zbekiston faxriylar terma jamoasiga mamlakat futboli afsonasi Birodar Abduraimov, Rossiya faxriylar termasiga Aleksandr Mirzayan bosh murabbiylik qiladi.

Mazkur bahs bugun, Toshkent shahridagi “JAR” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yinga soat 19:00 da start beriladi.