Sog‘inchli xotira

Kasbim hisobchi bo‘lganligi uchun ba’zida qaysar mijozlarni ayrimlari “buxgalterni o‘zi bilan gaplashamiz”, deb turib olishadi, gohida shikoyat qilib keluvchilar ham bo‘ladi.
- Meni to‘smanglar, men shaxsan buxgalterning o‘zi bilan gaplashishim kerak...
Bu gal ham ana shunday mijozlarni birini muddaosini eshitish taraddudini boshladim. Ko‘rinishidan boshqa millat vakili, ancha keksayib qolgan, ammo tetik bir keksa onaxon kirib kelardi. Onaxonni gaplariyam dona-dona, quloqlariyam eshitishi yaxshi, bir ko‘rishda saksonni qoralagan ayollarga sira o‘xshamasdi.
- Assalomu alaykum, keling onaxon, xush kelibsiz.
- Rahmat, o‘g‘lim, mana bularingni qara, yarim soatdan beri yoningga yo‘latmaydi-ya.
- Ularni ham to‘g‘ri tushuning, vazifasi, mayli, xush ko‘rdik, biz tomonlarga qaysi shamollar uchirdi. Onaxon muddaosini aytarkan, gap orasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ham taqdim qildi. Ismi sharifi Shakirova Gulnar, tug‘ilgan vaqti, 1934 yil ekan.
- Men urush ko‘rgan ayolman, bolam, o‘sha davrda bir to‘g‘ram non uchun ertadan kechgacha qo‘shnimiz bolasini ko‘tarib yurardim, bir kun o‘tishi shu qadar qiyin ediki, aksiga olib bergan bir to‘g‘ram nonni ukam ikkimiz bir pasda yeb qo‘yardik. Otam o‘rushga ketib qaytib kelmadi, onam bizni bolalar uyiga berishga majbur bo‘ldi, ellik bir yil davlat ishida mexnat qilib, pensiyaga chiqdim. Bu kunlarga yetib kelish oson bo‘lmadi.
Onaxon iltimoslab kelgan ishini tegishli joyga qo‘ng‘iroq qilib bitkazib berdim-da, tashqarigacha kuzatib qo‘ydim. Bechora ishi bitganidan bolalarcha xursand bo‘lib, takror-takror duo qildi.
Onaxon saksonni qoralasa ham xali ancha tetik. Xat-hujjatlarni ko‘zoynaksiz bemalol ko‘ra oladi. Yuzini ajin oralagan, qarilikni go‘yo tan olmagandek shaxdam qadamlar bilan ketib borarkan, nigohidan qaysidir tanishimni ko‘rgandek bo‘ldim. Xonamga kirib, yaxshilab o‘ylandim. Qayerda ko‘rgandim-a bu nigohlarni.
Topdim... va nihoyat esladim... esladimu... butun bolaligim ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi. Onamning rahmatli onalarida edi bu nigohlar...
Alloh joyini jannatda qilgan bo‘lsin, buvim bizni borishimizni ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutardilar. Har gal baxorda, qizil machin terib, chuchvara qilib berardilar. Chuchvara bilan birga bir kosa qaymoq qo‘yardi, taomni qaymoqqa botirib yesangiz boshqacha maza berardi-da. Sut va sariyog‘ solib non yopardilar. Yopgan nonlari bir hafta o‘tsa hamki ko‘karib ketmasdi, agar suvi qochsa to‘g‘rab qo‘yardilar. O‘sha qotgan nonlarini ham mazasi boshqacha bo‘lardi. “Meni nimamni yaxshi ko‘rasizlar-a, mana shu qotgan nonlarimni yaxshi ko‘rasizlarmi?”, deya hazil qilib qo‘yardilar.
Buvim rahmatli chevar edilar. Qo‘shnilari Xonoyim ena va Fotima enalarni barcha bichish va tikish ishlarini qilib berardilar. Shuningdek, mahalladagi kelin bo‘lib ketayotgan qiz-juvonlarni ham ko‘ylaklarini tikib berardi. Bu odatlarini to qazo qiligunicha ham tashlamadilar.
Tokchasida doim o‘rik qoqi, daraxt yong‘oq mag‘izi, mayiz turardi. Kechki ovqatdan keyin tokchadan ana shu quruq mevalarni olib, bizga berardi.
Mana, buvimning qazo qilganiga roppa-rosa o‘n uch yil bo‘ldi. Shuncha paytdan beri chuchvarayu kosadagi qaymoq ta’mini qumsayman...
Ismoiljon Sattorov.