Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muallif nomi bilan ataluvchi mashhur ixtirolar

1814 yilning 19 iyulida Semyuel Kolt dunyoga keldi. U keyinchalik o‘zining sharafiga nomlangan Kolt to‘pponchasi ixtirosiga egalik qilgan. Bugungi maqolamizda ixtirolarini o‘zining nomi bilan atagan bir nechta insonni eslaymiz.

Sendvich

Afsonaga ko‘ra Londondagi vazir va qarta o‘yini ustasi graf Sendvich Djon Montegyu uni 1762 yilda o‘yin paytida ixtiro qilgan. U o‘yindan chalg‘imaslikni istab, xizmatkoriga ovqatni ikki bo‘lak non orasiga qo‘yib berishni so‘ragan. Yonidagi sheriklari ham Graf Sendvich usulida tamaddi qilgan. Shu tariqa unga Sendvich, deb nom qo‘yishgan.

Makintosh


Shotlandiyalik kimyogar Charlz Makintosh mato va bo‘yoqlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanardi. U o‘zining oilaviy nomini berib, suv o‘tkazmaydigan yomg‘ir paltosini ixtiro qildi. 1823 yilda tajriba o‘tkaza turib, tasodifan kamzulining yengini rezina eritmasi - kauchuk bilan belab qo‘ydi. Biroz vaqt o‘tgach, u yengining suvdan ho‘llanmayotganini payqadi va topilmasini patentlashga shoshildi.

Vatman


Mashhur qalin qog‘oz 1750 yillarning o‘rtalarida ingliz qog‘oz ishlab chiqaruvchisi Jeyms Vatman tomonidan yaratilgan bo‘lib, u qalinligi sabab tez vaqtda akvarel rassomlari orasida mashhurlikka erishgan. Aytgancha, Vatmanning o‘zi ixtirosini payvandlangan (to‘qilgan) qog‘oz deb atagan. Ammo bizlargacha Vatman ixtirochisining sharafiga atalganicha yetib kelgan.

Kardigan

Trikotaj tugmachali tagko‘ylak ingliz generali, graf Jeyms Kardigan sharafiga nomlangan. U harbiy kiyim tagidan kiyib, isinish maqsadida ushbu kiyimni ixtiro qilgan. Dastlab kardigan forma ostida kiyilar edi. Hozirda esa yoshlar orasida ustki kiyim sifatida mashhurdir.

Vinchester

Amerikalik Oliver Vinchester o‘z faoliyatini mehmonxonada quruvchi sifatida ish boshlab, keyinchalik tadbirkor bo‘lib ketdi. 1830 yilda u qurilish materiallari ishlab chiqaradigan, 1848 yilda kiyim-kechak va 1855 yilda ov qurollarini sotish bilan shug‘ullanadigan kompaniyani tashkil qildi. Ko‘p o‘tmay, Winchester Repeating Arms Company tomonidan ishlab chiqarilgan miltiq va qurol-aslahalarni o‘zining sharafiga nomlashni boshladi. O‘sha davr adabiyoti va kinosi bu nomga keng shon-sharaf keltirishga yordam berdi.

Jakuzi
Italiyalik Jakuzi familiyali oila o‘g‘il farzandlarining biri muntazam ravishda massajga muhtoj edi. Massaj va suvning salomatlikka foydali ta’sir ko‘rsatishi o‘sha davr shifokorlari tomonidan tayinlagandan keyin birodarlar ushbu omillarni birlashtirishga qaror qilishdi va zamonaviy issiq vannaning prototipini yaratishdi.

Keyinchalik ular o‘z ixtirolarini qayta-qayta takomillashtirib, yigirmaga yaqin patent olishdi. XX asr o‘rtalarida ular o‘zlarining ixtirolarini ishlab chiqarishni boshladilar va Jacuzzi firmasini ochishdi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.